O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarella 9 noyabr kuni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi.
Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib oldi.


Eslatib o‘tamiz, davlatimiz rahbari 2023 yil 7 iyunda Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarellaning taklifiga binoan ushbu mamlakatga borgan edi.
Prezidentimiz Rimda Italiya Prezidenti Serjo Mattarella va Bosh vaziri Jorja Meloni bilan samarali muzokaralar o‘tkazgan edi. Unda ikki mamlakat o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya qabul qilingan.


Keyingi yillarda O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot, energetika, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik faollashdi. Natijada Italiya O‘zbekistonning Yevropadagi muhim va ishonchli sheriklaridan biriga aylandi.
Tashrif doirasida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi.
Kun tartibidan O‘zbekiston bilan Italiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va ustuvor yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari o‘rin olgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/FLPF3Sw6g0o" title="Италия Президенти Сержо Маттарелла Тошкентда" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Ikrom AVVALBOEV, Nosirjon HAYDAROV(surat), O‘zA