Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Italiya – Markaziy Osiyo” sammiti:  ikki mintaqa o‘rtasidagi munosabatlarda yangi tarixiy sahifa
11:24 / 2025-06-01

Munosabat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan 30 may kuni Ostona shahrida “Markaziy Osiyo – Italiya“ formatidagi oliy darajadagi sammitda ishtirok etdi. 

Ushbu sammit Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Italiya strategik sheriklik muzokaralarning davomi bo‘ldi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bugun Markaziy Osiyo dunyoda o‘zining do‘stona siyosati, bag‘rikengligi va rivojlanib borayotgan mintaqa sifatida e’tirof etilmoqda. Shu bois dunyoning rivojlangan «katta yettilik», «katta sakkizlik», «katta yigirmatalik» kabi mamlakatlarining har biri mintaqa davlatlari bilan keng va ishonchli, konstruktiv muloqot natijasida ko‘p qirrali hamkorlikni o‘rnatishdan manfaatdor bo‘lib bormoqda. Italiya uchun ham Markaziy Osiyo yangi tarixiy sahifalarning ochilishidir. 

Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Italiya“ formatidagi oliy darajadagi sammit aynan yangi sahifalarning boshlanishiga qo‘yilgan navbatdagi qadam bo‘ldi. 

Ushbu uchrashuvda O‘zbekiston rahbari ham “Markaziy Osiyo – Italiya“ formatidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z qarashlarini bayon etdi. 

Shu o‘rinda mulohaza qiladigan bo‘lsak, sammitda O‘zbekiston rahbari aynan qanday muhim tashabbuslarni ilgari surdi? 

Prezident Shavkat Mirziyoyev jumladan,  qator dolzarb xalqaro masalalar yuzasidan yondashuvlarni muvofiqlashtirish uchun tashqi ishlar vazirliklari darajasida muntazam muloqotlarni davom ettirish muhimligini ta’kidladi. 

Shuningdek, terrorizm, ekstremizm, radikalizm, giyohvand moddalar savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashda ko‘p tomonlama sheriklik va maxsus xizmatlarning axborot almashish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish taklif etildi. Bu bugungi kun uchun muhim tashabbus hisoblanadi. Sababi, mazkur xavf va tahdidlar global va mintaqaviy siyosatdagi tendensiyalar, xavfsizlik va taraqqiyotga nisbatan umumiy tahdidlar hisoblanadi. Bu tahdidlarni birgalikda yangi sa’y-harakatlar asosida bartaraf etish lozimligini anglatadi.

Ikkinchidan, davlatimiz rahbari Italiya ishbilarmon doiralarining innovatsion rivojlanish borasida an’anaviy kuchli mavqeini hisobga olib, mamlakatlarimiz savdo-sanoat palatalari shafeligida biznes muloqoti uchun doimiy maydon – “Markaziy Osiyo – Italiya“ ishbilarmonlar klubini tashkil etishni taklif qildi. Tadbirkorlar ishtirokidagi bunday uchrashuvlar har yili mintaqa mamlakatlari va Italiya poytaxtida o‘tkazilishi taklif etildi. Bu Italiya va mintaqa davlatlarining biznes doirasi vakillari hamda ishlab chiqarish kompaniyalari uchun katta bozor muhitini yaratishga olib keladi. Mintaqada strategik sheriklikning yangi imkoniyatlari uchun sahifalar ochiladi. 

Uchinchidan, O‘zbekiston Prezidenti texnologiyalar transferi, ilg‘or bilim va tajribalarni joriy etish, yuqori texnologiyali sanoat ishlab chiqarishlarini tashkil etish uchun qulay sharoitlarni yaratishni nazarda tutuvchi ko‘p tomonlama Sanoat va texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqish va qabul qilish muhimligini ta’kidladi. Mineral resurslar va qishloq xo‘jaligi xomashyosini chuqur qayta ishlash, elektrotexnika, kimyo, to‘qimachilik, charm, oziq-ovqat va boshqa qayta ishlash tarmoqlari uchun zamonaviy uskunalar ishlab chiqarish, butlovchi qismlar va sanoat mahsulotlarini mahalliylashtirish, Italiyaning yetakchi brendlari ishtirokida dizayn markazlarini tashkil etish hamkorlikning ustuvor yo‘nalishi bo‘lishi qayd etildi. Shuningdek, Italiyaning SACYe va SIMEST davlat agentliklari hamda qo‘shma investitsiya fondlarini hamkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga jalb qilish muhimligi ilgari surildi. 

To‘rtinchidan, “Yashil“ transformatsiya sohasida Italiya bilan samarali hamkorlikni yuqori baholab, O‘zbekiston yetakchisi uglerod chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha milliy dasturlarni amalga oshirishga ko‘maklashadigan ko‘p tomonlama platformani yo‘lga qo‘yish orqali keng qamrovli sheriklikni rivojlantirishga chaqirdi.

Bunda qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi loyihalarni, jumladan, Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga “yashil“ energiya yetkazib berish, Italiyaning yetakchi ishlab chiqaruvchilari va muhandislik kompaniyalarini jalb etgan holda korxonalarni auditdan o‘tkazish va energiya samaradorligini oshirish, suv infratuzilmasi ob’ektlarini modernizatsiya qilish va vodorod texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga tayyorlik bildirildi. Masalan, Italiyaning suvni tejash texnologiyasi bilan tanilgan “Iritec” kompaniyasi, qishloq xo‘jaligini qayta ishlash sohasidagi “Cermac” konsorsiumi, “Pietro Fiorentini” va “Terranova” kabi kompaniyalarning gaz ta’minoti tarmog‘ini rivojlantirish loyihasi shular jumlasiga kiradi. 

Qolaversa, davlatimiz rahbari Toshkentdagi Turin politexnika va Piza universitetlari filiallari samarali faoliyat yuritayotganini ta’kidlar ekan, Italiyaning boshqa yetakchi oliy o‘quv yurtlarining mintaqaga qiziqishi ortib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. 

Shuningdek, sammitda O‘zbekiston Prezidenti muhandislik, dizayn, suv tejamkorligi va biotexnologiyalar kabi yo‘nalishlarda ilmiy ishlanmalar, akademik almashinuv va kadrlar tayyorlash dasturlarini amalga oshirish hamda moliyalashtirish uchun “Markaziy Osiyo – Italiya“ ilmiy-ta’lim konsorsiumini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

 Shu bilan birga, yetakchi turoperatorlar o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatish va qo‘shma sayyohlik mahsulotlarini yaratish maqsadida turizm alyansini tashkil etishdan manfaatdorlik bildirildi. Davlatimiz rahbari Italiya jamoatchiligi Rim va Florensiyada o‘tkazilgan ko‘rgazma hamda madaniy tadbirlarga katta qiziqish bildirganini mamnuniyat bilan qayd etib, kelgusi yili Xiva shahrida mintaqa mamlakatlari va Italiya yoshlarining kreativ iqtisodiyot va madaniy almashinuv forumini o‘tkazishni taklif qildi. 

Xulosa o‘rnida aytish kerakki, “Italiya – Markaziy Osiyo” sammiti, bu – ikki mintaqa o‘rtasidagi munosabatlarda yangi tarixiy sahifaning ochilishi bo‘ldi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Sababi, bu mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotining modernizatsiyasi, atrof-muhit muhofazasi va ijtimoiy soha rivojiga sezilarli hissa qo‘shadi. 

Usmonjon BO‘TAEV,

siyosiy fanlar doktori, professor.

O‘zA