French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Italiya – Markaziy Osiyo hamkorligining ustuvor yo‘nalishlari belgilandi
16:45 / 2021-12-08

Toshkent shahridagi «International Hotel Tashkent» mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi raisligida “Italiya – Markaziy Osiyo” shaklidagi ikkinchi vazirlar konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Markaziy Osiyo mamlakatlari, Italiya va Yevropa Ittifoqi tashqi siyosiy idoralari rahbarlari, iqtisodiy va moliyaviy tuzilmalari, sog‘liqni saqlash muassasalari rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.

Delegatsiyalar Markaziy Osiyo davlatlari va Italiya o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning bugungi holati va istiqbolini muhokama qildilar, zamonaviy tahdid va xatarlarga birgalikda javob berish muhimligini ta’kidladilar. Mintaqadagi ekologik muammolarni hal etish, ekstremizm va terrorizm kabi transmilliy tahdidlarning oldini olish, shuningdek, millatlararo totuvlik, xalqlararo do‘stlik va qardoshlik rishtalarini mustahkamlash yo‘llari tahlil etildi.

[gallery-4994]


Konferensiya sessiyalari doirasida mintaqaviy iqtisodiy sheriklikni takomillashtirish, savdo-investitsiya, transport va tranzit sohalarida ko‘p tomonlama hamkorlik samaradorligini oshirish mexanizmlari ko‘rib chiqildi. Energetika, agrobiznes va sanoat uskunalari sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Pandemiyaga qarshi kurashish va kasallik oqibatlarini bartaraf etish chora-tadbirlari yuzasidan fikr almashgan holda sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikdagi sa’y-harakatlarning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.


Anjuman doirasida “Markaziy Osiyo va Italiya o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikning bugungi holati va rivojlanish istiqbollari” mavzusida “davra suhbati” ham tashkil etilib, unda Markaziy Osiyo va Italiyaning yetakchi ekspertlari ishtirok etdi. Ishtirokchilar mintaqaviy boshqaruvning konseptual modellari, barqaror va inklyuziv rivojlanish, madaniy merosni muhofaza qilish va targ‘ib qilish, ilmiy va akademik aloqalarni faollashtirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

G‘ayrat XONNAZAROV,
Oqil G‘ULOMOV (foto),