Italiya mudofaa vaziri Gvido Krosetto G‘azodagi amaliyotni “qabul qilib bo‘lmasligi”ni aytib, mamlakati Isroil rejimiga qarshi xalqaro sanksiya qo‘llashga tayyorligini ma’lum qildi.
– Hozir oddiy harbiy operatsiya yoki tasodifiy talafotga emas, balki qonun va sivilizatsiyamizning asosiy qadriyatlari inkor etilishiga guvoh bo‘lyapmiz, degan u “La Stampa” gazetasiga bergan intervyusida. Bu – mutlaqo qabul qilib bo‘lmas holat,” deya ta’kidladi.
Vazir Italiya gumanitar yordam ko‘rsatishda davom etayotganini qo‘shimcha qilib, endi Binyamin Netanyaxuni odatiy qoralash bilan cheklanmasdan, uni jiddiy o‘ylashga majbur qilish yo‘lini topish kerakligini aytdi. Xalqaro sanksiya bo‘yicha savolga javoban esa “G‘azoni bosib olish va G‘arbiy Sohilda sodir etilgan boshqa ayrim og‘ir harakatlar shafqatsizlikning yangi bosqichi" ekaniga urg‘u bergan.
Ushbu bayonot Isroil Bosh vazirining G‘azo shahrini to‘liq nazoratga olish va qolgan Hamas tayanchlarini yo‘q qilish rejasini e’lon qilgandan so‘ng yangradi. Darvoqe, Netanyaxuning rejasi xalqaro miqyosda ham keskin tanqidga uchradi.
Musulmon Ziyo, O‘zA