Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Italiya elchisi Buxoroda
10:53 / 2024-04-13

Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Italiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Agostino Pinna boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan muloqot avvalida Botir Zaripov Agostino Pinna janoblarini qadim va navqiron Buxoroga ilk rasmiy tashrifi bilan qutladi. Shuningdek, viloyat rahbari Italiya O‘zbekistonning Yevropadagi muhim va ishonchli sherigi ekani, keyingi yillarda barcha sohalardagi hamkorlik faollashganini qayd etdi.

Ikki mamlakat yetakchilarining siyosiy irodasi tufayli o‘rnatilgan strategik sheriklik munosabatlari O‘zbekiston-Italiya ko‘p qirrali hamkorligini yanada rivojlantirishda yangi muhim bosqichning boshlanishi bo‘lishiga ishonch bildirildi.

Joriy yilning 15-mart kuni Toshkent shahrida sakkizinchi bor “Italiya dizayn kuni” bo‘lib o‘tgandi.  Unda 2023-yilda Buxoroga tashriflar chog‘idagi kelishuvlar asosida ICE hamda Madaniy meros agentliklari o‘rtasida Buxoroda O‘zbekiston-Italiya restavratsiya markazini tashkil etish bo‘yicha texnik bitim imzolangandi.

– Markazni tashkil etishdan maqsad Italiya maktabining uslubiyati, bilim va ko‘nikmalarini o‘rganish orqali O‘zbekistonda restavratsiya sohasini rivojlantirishdir, –dedi Agostino Pinna. –Shuningdek, markaz faoliyati Italiyadagi konservatsiyaning nou-xau usullarini taqdim etish, tarqatish va ulashishga qaratilgan.

Darhaqiqat, madaniy meros obyektlarini saqlash va ularni kelajak avlodga butligicha yetkazish uchun barchamiz birdek mas’ulmiz. Noto‘g‘ri va malakasiz holda, shoshma-shosharlik bilan restavratsiya va ta’mirlash orqali ularning umumbashariy qiymatiga ta’sir etishga hech kimning haqqi yo‘q. Shuning uchun, Prezidentimiz topshirig‘i bilan Vazirlar Mahkamasi tomonidan madaniy meros restavratsiyasi va ta’mirlash masalalarida xorijdan ekspertlar jalb qilinmoqda. Ayrim hollarda yo‘qolib ketishi ehtimoli yuqori bo‘lgan madaniy meros obyektlarida restavratsiya yoki ta’mirlash ishlari emas, balki ularni konservatsiya yoki arxeologik park sifatida muhofazalash belgilandi.

Uchrashuvda hamkorlikda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan ishlar batafsil muhokama qilindi.  

O‘z navbatida elchi O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning eng yetakchi mamlakatlaridan biri sifatida bilishini va ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni rag‘batlantirish zarurligini ta’kidladi. Xususan, madaniyat, ta’lim va turizm sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish uchun katta salohiyat borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Elchi hamkorlikda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, bu borada italiyalik tadbirkorlar bilan aloqalarni mustahkamlashga tayyorligini bildirdi.

Shunga ko‘ra, Buxoroda qurilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Tashrif dasturidan Buxoro shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohat, Buxoro davlat universiteti faoliyati bilan yaqindan tanishuv o‘rin olgan.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri