Italiya bosh vaziri: Rossiyaga qarshi sanksiyalar yozda eng ko‘p samarasini ko‘rsatadi
Rossiya Federatsiyasiga qarshi qo‘llanilayotgan sanksiyalarning barcha ta’sirlari yozda o‘zini namoyon qiladi, dedi Italiya bosh vaziri Mario Dragi kuni kecha bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi sammitidan keyin uyushtirilgan matbuot anjumanida. Uning aniqlik kiritishicha, “yettilikning” oxirgi uchrashuvida shunday fikrga kelingan.
"Sanksiyalarning eng samarali bosqichi yozda boshlanadi. Bu yozda sanksiyalar samarasi eng yuqori cho‘qqisiga yetadi, degani emas, balki eng ko‘p ta’siri yozda boshlanadi, deganidir", – dedi Dragi.
Italiya bosh vaziri Rossiyaga qarshi sanksiyalarning oltinchi paketi qabul qilinganidan qoniqish hosil qilganini ta’kidladi. Mazkur paketda Rossiyaning dengiz orqali yetkazib berayotgan neftiga embargo joriy qilish ko‘zda tutilgan.
Dragining ta’kidlashicha, "yaqindagina bunday natijaga erishish imkonsiz bo‘lib ko‘ringandi”. Uning ogohlantirishicha, Rossiyaga qarshi sanksiyalar uzoq muddatli bo‘lib, savdo munosabatlarining butunlay o‘zgarib ketishiga olib kelishi mumkin.