Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Italiya AQSHning “PURL” dasturiga qo‘shiladi
15:56 / 2025-10-21

Italiya hukumati Ukraina mudofaasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida AQSH boshchiligidagi PURL (Prioritized Ukraine Request List) dasturida ishtirok etishga tayyorligini bildirdi, deb xabar tarqatdi “Bloomberg” nashri.

Mazkur dastur Kiyevga “Patriot” havo himoya tizimlari va boshqa turdagi zamonaviy qurol-yarog‘larni AQSH orqali xarid qilish imkonini beradi. Loyihaga ko‘ra, moliyaviy mablag‘lar Yevropa davlatlari tomonidan ajratiladi.

NATO bosh kotibi Mark Ryutte ma’lum qilishicha, alyansga a’zo 32 davlatning yarmidan ko‘pi dasturda ishtirok etishga rozilik bildirgan. Boltiq bo‘yi va Yevropa shimolidagi ayrim davlatlar Ukraina uchun yangi harbiy yordam paketini ishlab chiqmoqda.

Manbalarga ko‘ra, Ukrainani sentyabr oyiga qadar olti davlat taxminan 2 milliard dollar mablag‘ bilan qo‘llab-quvvatlagan. Bu esa rejalashtirilgan puldan ancha kamdir. Shu bilan birga, Rossiyaning Ukraina infratuzilmasiga hujumlari kuchaygan bir sharoitda yangi mablag‘ manbalarini topish tobora qiyinlashmoqda.

Italiya dasturda ishtirok etishga avval qarshi chiqqan edi. Biroq NATO ittifoqchilari bosimi hamda “tashabbusdan chetda qolish xavfi” rasmiy Rim pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqishga undadi.

Italiya hozirgacha Ukrainaga o‘nta harbiy yordam paketi tayyorlashda ishtirok etgan bo‘lib, ular tarkibida “SAMP/T” turdagi havo mudofaa tizimlari ham mavjud. Shunga qaramay, yordamning aniq tarkibi maxfiy saqlanmoqda.

Bosh vazir Jorja Meloni mamlakat byudjeti cheklanganiga qaramay, Ukrainani siyosiy va harbiy qo‘llab-quvvatlashini davom ettirmoqda.

Ekspertlar fikricha, Italiyaning PURL dasturiga qo‘shilishi YeIning Ukrainaga harbiy yordamda yagona yondashuvini mustahkamlaydi hamda Kiyev mudofaasi uchun muhim strategik qadam sifatida baholanadi.

Dilshod Hakimov, O‘zA