Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
IT yo‘nalishi bo‘yicha tayyorlanayotgan kadrlarga yangi talablar qo‘yiladi
10:38 / 2023-02-27

Bugun hayotimizning hech bir jabhasini axborot-kommunikatsiya xizmatlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Taraqqiyot, rivojlanish, yangilik va natijadorlik IT xizmati bilan uzviy bog‘liq.

Prezidentimiz raisligida 22 fevral kuni soha va hududlarda raqamlashtirish jarayonini jadallashtirish masalalari yuzasidan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ham IT xizmatlar eksportini kelgusida 1 milliard dollargacha oshirish reja qilingani, buning uchun kamida 100 ming nafar malakali dasturchi, IT-arxitektor, operator va muhandislar kerakligi ta’kidlandi.  

Xo‘sh, ushbu soha rivojiga salmoqli hissa qo‘shadigan malakali kadrlarni tayyorlash uchun qanday ishlarni yo‘lga qo‘yish kerak? Bu haqda raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov batafsil ma’lumot berdi.  

—Prezidentimiz O‘zbekistonda raqamlashtirishni rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida sohada juda ham katta o‘zgarishlar bo‘lishi, yangi imkoniyatlar yaratilishi bo‘yicha bir qator takliflarni berdi, — deydi Rustam Karimjonov. — Yoshlarimiz, talabalarimiz sohani mukammal egallab, muvaffaqiyatlarga erishishlari uchun nimalarga e’tibor berilishi kerakligi oldimizda turgan dolzarb vazifa sanaladi.  

Hozirgi kunda vazirlik tizimidagi 4 ta asosiy ITga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasasida 30 mingga yaqin talaba tahsil olyapti.  

Undan tashqari boshqa oliy ta’lim muassasalarining 44 tasida IT yo‘nalishi ochilgan bo‘lib, 15 mingga yaqin talaba, jami yurtimizda 50 mingga yaqin talaba ushbu soha bo‘yicha bilim olyapti.  

2023 yil “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim” yilida ushbu soha bo‘yicha bitiruvchilarga yangicha malaka talablari qo‘yishni rejalashtiryapmiz. Talabalarimiz universitetni bitirganidan so‘ng hech bo‘lmaganda ingliz tilini yaxshi bilishi, xalqaro IT sertifikatga ega bo‘lishi, 3-4-kurslardan o‘z sohasi bo‘yicha amaliy ishlarni yo‘lga qo‘ygan, hech bo‘lmaganda veb-sayt yaratishni bilishi kerak. Biz ushbu talablarni qo‘yamiz. Bunday talablar oliy ta’lim muassasalarida sifat ko‘tarilishiga juda ham katta turtki bo‘ladi.  

Keyingisi, xususiy IT ta’lim yo‘nalishi. Yurtimizda kundan-kunga soha bo‘yicha o‘quv markazlari ko‘payib boryapti. Hozirgi kunda  200 dan ortiq ITga ixtisoslashgan o‘quv markazlari faoliyat yurityapti. Davlatimiz rahbari videoselektor yig‘ilishida o‘quv markazlari tomonidan sifatli kadrlarni tayyorlash uchun ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yangi mexanizmni joriy etish bo‘yicha topshiriq berdi.  

Agar o‘quv markazlari yoki ta’lim muassasasi sifatli kadr yetishtirib, ushbu kadr xalqaro IT kompaniyaga kirib 6 oy ishlasa, 25 million so‘mgacha kompensatsiya, imkoniyati cheklangan bolalarni o‘qitib, xalqaro kompaniyalarga ishga joylashtirsa, 35 million so‘mgacha kompensatsiya to‘lash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.  

Bu kabi ishlar yo‘lga qo‘yilsa, o‘quv markazlarida ham IT ta’lim berish darajasi keskin oshadi.  

 

O‘zA muxbiri  

Nigora Rahmonova  

yozib oldi.