Mustaqillik — har bir davlat uchun eng ulug‘ ne’matlardan biri. O‘zbekiston ham 1991 yilda mustaqil taraqqiyot yo‘liga qadam qo‘ydi. Shundan so‘ng mamlakat hayotining barcha jabhalarida tub islohotlar boshlandi. Ayniqsa, XXI asrda axborot texnologiyalari va raqamlashtirish taraqqiyotning bosh mezoni sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Yangi O‘zbekiston sharoitida IT ta’limga alohida e’tibor qaratilayotgani kelajakda bilimli, raqobatbardosh va global fikrlaydigan avlodni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Shu nuqtai nazardan, Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi zimmasiga yuklatilgan vazifalar o‘zining dolzarbligi va amaliy ahamiyati bilan ajralib turibdi. 2025 yilning birinchi yarmida markaz tomonidan amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar va ko‘rsatkichlar sohaga tizimli yondashuv shakllanganini ko‘rsatmoqda.
2024 yilda respublikamizda 506 ta IT ta’lim markazi faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2025 yilning birinchi yarmida bu raqam 615 taga yetdi. Masalan, “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihasi doirasida tahsil olayotgan 65 nafar o‘quvchi xalqaro til sertifikatlarini — B1, B2 va S1 darajalarini qo‘lga kiritdi.
2025 yilning yanvaridan esa “Bir million o‘zbek dasturchisi” loyihasi doirasida yaratilgan uzbekcoders.uz portali orqali Coursera platformasida ta’lim olish uchun 571 ming 293 nafar yosh ro‘yxatdan o‘tdi. Ulardan 327 ming 662 nafari kurslarni muvaffaqiyatli yakunlab, xalqaro sertifikatlarga ega bo‘ldi.
Shu bilan birga, xalqaro IT sertifikatlarni qo‘lga kiritish uchun davlat tomonidan yoshlarga moddiy yordam ko‘rsatilmoqda. Agar 2024 yilda 1 ming 1 nafar yoshga kompensatsiya berilgan bo‘lsa, 2025 yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 1 ming 858 nafarga yetdi. Umumiy ajratilgan summa 7,7 milliard so‘mni tashkil etdi. Bu avvalgi yillarga nisbatan 76 foizlik o‘sish demakdir.
Aytish joizki, ingliz tilidan B2 darajasiga ega bo‘lgan 155 nafar yoshning IT sertifikat olish xarajatlari to‘liq qoplab berildi. Bu ham yoshlarga berilgan amaliy rag‘batning yaqqol isbotidir.
2025 yil aprel oyida o‘tkazilgan ICT4Girls olimpiadasida dasturlashga qiziqqan 500 ga yaqin iqtidorli o‘quvchi qiz qatnashdi. Bir necha bosqichli saralash orqali 12 nafar g‘olib aniqlandi va ular qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Ular uchun alohida o‘quv-treninglar tashkil qilindi. Shuningdek, ular orasidan 4 nafar qiz tanlab olinib, joriy yil Germaniyada bo‘lib o‘tadigan Yevropa miqyosidagi qizlar informatika olimpiadasida O‘zbekiston sharafini himoya qiladigan bo‘ldi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston 2025 yilning 17–18 may kunlari ilk bor Osiyo-Tinch okeani informatika olimpiadasiga mezbonlik qildi. Unda Singapur, Xitoy, Yaponiya, Misr kabi 40 dan ziyod davlatdan 900 ga yaqin o‘quvchi qatnashdi. Mamlakatimiz sharafini 60 nafar yosh himoya qildi va ulardan 3 nafari bronza medali bilan taqdirlandi.
Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida “IT-shaharcha”lar tashkil etildi. Bu maskanlarda 500 nafardan ortiq yoshlar zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha bepul ta’lim olmoqda.
Yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga o‘qitish maqsadida yaratilgan itstudy.uz platformasida ingliz tili, elektron tijorat, SMM, grafik dizayn kabi 200 dan ortiq videodarslar joylashtirildi. Bu imkoniyatdan ijtimoiy himoyaga muhtoj 35 mingga yaqin yoshlar foydalanib, zamonaviy kasblarni egallamoqda.
Hududlarda o‘tkazilgan “InfoTeach–2025” forumi esa ta’lim sohasi xodimlarining malakasini oshirishga xizmat qildi. Forum doirasida 5 mingdan ziyod o‘qituvchilar sun’iy intellekt, grafik dizayn va xalqaro olimpiadalarga tayyorlash metodikasi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamladi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, mustaqillik tufayli mamlakatimizda IT sohasi jadal rivojlanmoqda, bu esa yangi avlodning dunyoqarashi, imkoniyatlari va kelajak qurish qobiliyatini mutlaqo yangi pog‘onaga olib chiqmoqda. Bugungi yoshlar Yangi O‘zbekiston kelajagining poydevori, IT ta’lim esa bu poydevorni mustahkamlovchi asosiy ustundir.
Nigora Rahmonova,
O‘zA