Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
IT sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida
15:45 / 2025-11-07

Ar-Riyodda O‘zbekiston va Yaqin Sharq mamlakatlari o‘rtasida texnologik va sarmoyaviy  hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan «Uzbekistan Tech Conference» anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda davlat tuzilmalari vakillari,  O‘zbekiston va Saudiya Arabistonidagi yetakchi IT-kompaniyalar, sarmoyadorlar,  startaplar  asoschilari va ikki davlat  innovatsion ekotizim vakillari ishtirok etdi. 

Anjumanning ochilishida   Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida raqamli iqtisodiyot  mamlakat taraqqiyotining muhim harakatlantiruvchi kuchiga aylangani qayd etildi. So‘nggi yillarda  respublikamizda axborot texnologiyalari biznesini yuritish uchun qulay muhit yaratildi:  soliq imtiyozlari joriy qilindi, akseleratsiya dasturlari amalga oshirilmoqda,  startaplarni ro‘yhatdan o‘tkazish va investitsiyalarni jalb qilish tartibi  soddalashtirildi. 

Anjuman qatnashchilariga O‘zbekistonda  axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida biznes yuritish uchun yaratilgan keng ko‘lamli  imkoniyatlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.  IT Park Uzbekistan vakillari  bu borada davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash,  zamonaviy  raqamli infratuzilmani rivojlantirish va  xalqaro hamkorlik istiqbollari haqida so‘zlab berib,  respublikamiz mintaqada IT-yo‘nalishida  jadal rivojlanayotgan davlatlardan biriga aylanayotganini qayd etdi. 

O‘zbekistonlik yosh mutaxassislar va startaplar  asoschilari  yuqori professional darajaga egaligi va xorijiy  sheriklar bilan  hamkorlikka tayyorligini namoyish etib, o‘z  innovatsion loyihalarini  taqdim etdi. 

Uchrashuv  qatnashchilari  O‘zbekistonning  Markaziy Osiyoda  texnologik innovatsiyalarning yangi markazi  sifatida yuksak salohiyatga ega ekanligini ta’kidlab,  qo‘shma loyihalar ko‘lamini kengaytirish,  tajriba almashish va  investitsiyaviy hamkorlikni  rivojlantirishdan manfaatdorligini bildirdi. 

Aziza Alimova tayyorladi, O‘zA