Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
IT sohasida daromadi oshayotgan yoshlar
17:45 / 2023-05-10

bugungi kunda mamlakatimizda IT yo‘nalishida bilimli, intiluvchan yoshlar soni ortib bormoqda. Ularning ko‘pchiligi respublikamizning turli viloyatlarida Yoshlar ishlari agentligi tomonidan bepul ta’lim olishadi.

Xususan, buxorolik aka-ukalar Azamat va Amirxon Ashurovlar  “Kelajak kasblari” loyihasi doirasida 6 oy davomida IT-texnologiya bo‘yicha bepul tahsil olgan yoshlardan. Ular hozirda “Inform engineering” korxonasida o‘rgangan bilimlari asosida faoliyat yuritib, daromad olishmoqda.  

–Bolaligimdan kompyuterga qiziqardim, – dedi Amirxon Ashurov. – Keyinchalik akamning maslahati bilan IT sohasiga qiziqishim ortdi. Foydali ishni boshlashim kerakligini his qildim. IT mutaxassisligi bo‘yicha yarim yildan buyon shug‘ullanaman. Hozirda bir oyda 300 dollardan ziyod pul topaman.  

– IT yo‘nalishini kuzatar ekanman butun dunyo bo‘ylab sun’iy intellektning rivojlanayotganini ko‘rdim, – dedi Azamat Ashurov. – Ya’ni ishning 50 foizini texnika bajaradi. Bu soha ukam uchun ham men uchun ham omadli kechdi. Ish faoliyatida ikkimizning alohida vazifalarimiz bor. Men texnikaviy ishlar ustida ishlasam, ukam saytning dizayni, chiroyli ko‘rinishi uchun ishlaydi. Kelgusida birgalikda IT sohasini o‘rgatadigan akademiya ochib, o‘zimiz kabi mutaxassis va daromadi ko‘p bo‘lishini xohlagan yoshlarni jamlashni niyat qilganmiz.  

Shuningdek, “Kelajak kasblari” loyihasi doirasida xorazmlik Mirzobek Shomurodov ham IT-parkning Xorazm filialidagi o‘quv kurslarini tamomlab, daromad olmoqda. Uning qayd etishicha, hozirgacha erishgan yutuqlarining asosiy sababi davlatimiz tomonidan yoshlarga yaratilgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanayotganida.  

–Bolaligimdan videomontaj va operatorlikka juda qiziqqanman, –dedi M.Shomurodov. – Shu sabab “Kelajak kasblari” loyihasi doirasida IT-park Xorazm filialida videomontaj kurslarini o‘qidim. Bu sohada ustozim Faxriddin Ro‘zimetov media sohasida bilim va ko‘nikmalarni puxta egallashimda yaqindan yordam berdi. Hozirgi kunda media studiyalar hamda bir qator kompaniyalarning reklama va videoroliklarini montaj qilib daromad qilmoqdaman.  

Yoshlarning bilimli va zamon talablariga to‘la mos kadr bo‘lib yetishishida axborot texnologiyalari va til bilishning ahamiyati juda katta. Mamlakatimizda yoshlarni o‘qitish va ularning xalqaro IT-sertifikatlarini olishlari uchun 50 foizgacha bo‘lgan xarajatni qoplash tizimini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining “Xalqaro IT-sertifikatlarga ega yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.  

Qarorning 157-bandiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan xalqaro IT-sertifikatlarga ega yoshlarning o‘qishi hamda ularning xalqaro IT-sertifikatlarni olishi uchun sarf qilgan xarajatlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismini moliyalashtirish tartibi belgilandi.    

Bundan samarali foydalanayotgan yoshlar esa o‘z daromadini oshirish bilan birga, jamiyat rivojiga o‘z hissasini qo‘shmoqda.  

Gulnoza Boboyeva, O‘zA