Qaror va ijro
Prezidentimizning 2024 yil 15 maydagi “Hududlarda yoshlarga raqamli texnologiyalar va xorijiy tillarni o‘rganish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan “IT shaharcha”lar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaror asosida “IT-shaharcha” loyihasi bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etilmoqda.
Shunga asosan, Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumani, Oqrabod qishlog‘ida “IT-shaharcha” o‘z faoliyatini boshladi.

Respublikamizning 13 ta hududida jami 15 ta “IT-shaharcha”ni tashkil etish rejalashtirilgan. Loyiha innovatsion ta’lim muhitini shakllantirish, yoshlarni zamonaviy kasblarga tayyorlash hamda ularning global IT-bozorida o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashishni maqsad qilgan.

G‘ijduvondagi “IT-shaharcha” zamonaviy texnologiyalar asosida to‘liq jihozlangan bo‘lib, yoshlar uchun dasturlash, SMM, xorijiy tillar yo‘nalishlarda chuqur bilim olish imkoniyatini yaratadi. “IT-shaharcha” 180 nafar o‘quvchi uchun mo‘ljallangan ushbu markaz bir yilda 700 nafardan ortiq yoshlarni IT va xorijiy tillarga o‘qitishni rejalashtirgan.

Shuningdek, “IT-shaharcha”da kutubxona, shaxmat xonalari, workout maydonchalari hamda kovorking zonalari tashkil etilgan. Bu esa yoshlarning darsdan tashqari vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi, muloqot qilishi, ijodiy g‘oyalari ustida ishlashi va erkin muhitda dam olishi uchun keng imkoniyat yaratmoqda.
Tumanning Oqrabod qishlog‘ida yo‘lga qo‘yilgan “IT-shaharcha” nafaqat ta’lim, balki IT xizmatlari, frilanserlik va startaplar rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.