Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
IT Park sohasida eksport kompaniyalar soni ortmoqda
14:13 / 2024-04-15

O‘zbekistonning axborot texnologiyalari salohiyati xalqaro investorlar uchun tobora jozibador bo‘lib, o‘z mahsulot va xizmatlarini xorijga eksport qiluvchi kompaniyalar IT Park rezidentlariga aylanib bormoqda.

Joriy yilning mart oyida IT Park 37 ta yangi eksportga yo‘naltirilgan rezidentlarni, jumladan, 19 ta xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniyani jalb qildi. Ta’sischilar Yaponiya, Janubiy Koreya, Estoniya va Litva, Hindiston, Gruziya va MDH davlatlari vakillaridir.  

Kompaniyalar orasida kompyuter o‘yinlari ishlab chiqishga ixtisoslashgan «TOYBEEZ» MCHJ va dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, ularga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan yakka tartibdagi tadbirkor «H AND K GROUP» MCHJ kabi Yaponiyaning ikkita kompaniyasini alohida qayd etish mumkin.  

Bu IT Parkni qo‘llab-quvvatlash dasturlari samaradorligini, shuningdek, O‘zbekiston tomonidan eksportga yo‘naltirilgan IT kompaniyalar uchun imtiyoz va imkoniyatlar kengligidan dalolatdir.  

Yangi rezidentlar xorijiy mamlakatlarga 10 million dollardan ortiq mahsulot va xizmatlarni eksport qilishni rejalashtirmoqda. Faoliyat yo‘nalishlari orasida IT va BPO xizmatlari, dasturiy ta’minot va o‘yinlarni ishlab chiqish, dizayn hamda multimedia bor.  

Asosiy eksport bozorlari AQSH, Yevropa davlatlari, Estoniya, BAA, Hindiston, Yaponiya, Janubiy Koreya va MDH davlatlari bo‘ladi.  

Taqdim etilgan biznes-rejaga ko‘ra, 19 ta yangi xorijiy korxona 1150 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratishni rejalashtirgan. Yangi ish o‘rinlarining yaratilishi O‘zbekiston iqtisodiyoti yuksalishiga, aholi farovonligi va bandligini ta’minlashga va mahalliy mutaxassislarning kasbiy mahoratini ularning jahon miqyosida raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda.  

IT Parkning xorijiy kompaniyalarni jalb etishdagi muvaffaqiyati – O‘zbekistonda IT sohasining barqaror o‘sishidan dalolat beradi va hukumatning investitsiyalarni rag‘batlantirish va eksportga yo‘naltirilgan IT sohasini rivojlantirish strategiyasi samaradorligini ko‘rsatadi.  

 

N.Rahmonova, O‘zA.