Mamlakatimizda Hindistoning dasturiy ta’minotni ishlab chiqish va startaplarni tezlashtirish bo‘yicha ilg‘or tajribalari asosida axborot texnologiyalari bo‘yicha – "IT park O‘zbekiston" tashkil etildi.
Bu kichik tashkilotdan Markaziy Osiyodagi eng yirik IT xabiga aylandi, qisqa fursatda salmoqli natijalarga erishdi. Startap eko tizimini rivojlantirish, mahalliy IT kompaniyalarining taraqqiy etishi va ta’limga ulkan hissa qo‘shmoqda.
Bu axborot texnologiyalari sohasining shakllanishi va ommalashishiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatdi.
– Hozirgi kunda 700dan ziyod rezidentlarimiz mavjud, – deydi IT park direktori Farhod Ibrohimov. – Eksportimiz o‘tgan yili 46 million dollarni tashkil etgan. Bu yil esa yarim yillikda 50 million dollarga yetdi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov telegram kanalida shunday fikr bildiradi:
"Davlat byudjetidan bir so‘m ham mablag‘ yoki subsidiyalangan kredit olmasdan IT sohasi bu yil 100 million dollardan ortiq rasmiy eksportga erishishi kutilmoqda. IT sohasida ish bilan band bo‘lganlarning umumiy soni (rezidentlarda ishlaydiganlar va rasman frilanser bo‘lib ro‘yxatdan o‘tganlar) an’anaviy aloqa sohasidagilarnikidan oshdi. Bu albatta IT Park jamoasining to‘g‘ri ishlagani sabablidir. Jamoaga umuman yordam bermagan odamlar yo‘q joydan hozir ularni qoralashga harakat qilayotgani esa achinarli hol…
24 iyul kuni o‘tkazilgan "IT Park Rewind" tadbirida Birlashgan Arab Amirligi, Germaniya, Hindiston, Rossiya, Belarus davlatlaridan mehmonlar kelib, O‘zbekistonni IT xabga aylantirish va eksportni yanada oshirish bo‘yicha vazifalarni muhokama qilishgandi. Tadbirdan so‘ng hozirgi kungacha IT Park rezidentlari soni 174 taga oshdi, shundan 56 tasi eksportyor. Bu esa yana qo‘shimcha 2000dan ortiq ishchi o‘rinlari degani. Kichkina emas, balki 400dan ortiq mehmonlar (soha xodimlari va ASTRUM o‘quvchilari bilan hisoblasa, 1000ga yaqin) qatnashgan tadbir 819 mln. so‘mga tushgan ekan, nechta bolani bu pulga o‘qitsa, bo‘ladi deyishibdi. INXA yoki AMITIda 1 yil o‘qish 30 mln. atrofida bo‘lsa, 4 yilda bir bolaga 120 mln. ketadi, ya’ni bu pulga 7 ta bolani bakalavrga o‘qitsa bo‘ladi. Uniyam qilish kerak albatta (shuning uchun INXAga Prezidentimiz 100 ta grant ajratib berdilar), lekin bu tadbir ham muhim. Xullas, IT Park faoliyatiga endi katta-katta kompaniyalar ishonib, O‘zbekistonga autsorsni ko‘paytirib turgan vaqtda unga xalaqit qilmasdan kelgusida eksportni 1 milliard dollarga olib chiqish ustida birgalikda ishlashimiz kerak yoki mayda g‘iybat gaplar bilan ularning ham qo‘lini sovitib, O‘zbekistonni IT autsorsing xabiga aylantirish fikridan voz kechishimiz kerak».
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA