Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
IT-eksport qiluvchilarga binolar bepul taqdim etiladi
19:32 / 2024-03-01

Yaqinda tashkil etilgan IT-kompaniyalar uchun binoning ijara to‘lovi bir muncha qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Yuqori texnologiyalar sohasidagi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida IT-eksport qiluvchilarni mamlakatimiz hududlariga jalb qilishga qaratilgan Zero Risk dasturi ishlab chiqildi. Dastur ishtirokchilariga davlat mulkida bo‘lgan bo‘sh binolar 1-yil muddatga bepul taqdim etiladi.

Shuningdek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 26-fevraldagi «Mamlakatimizda raqamlashtirish sohasidagi xizmatlar eksportini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, ular kompyuter va boshqa jihozlarni Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkidan yetkazib berilganidan keyin bir yil o‘tgach sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ularga ish haqi miqdorining 15 foizigacha hamda xodimlarni qayta tayyorlash va malakali mutaxassislarni tanlash bilan bog‘liq xarajatlarning yarmigacha miqdori qoplab beriladi. 

Xizmatlar umumiy hajmida eksportning ulushi 50 foizdan oshgan hamda amalda 500 ming AQSH dollari va undan yuqori bo‘lgan eksport shartnomasiga ega bo‘lgan tashkilotlar Zero Risk dasturida ishtirok etishi mumkin. Yillik aylanmasi miqdori kamida 1 million AQSH dollari bo‘lgan xorijiy kompaniya ta’sischiligida tashkil etilgan yangi tashkilotlar ham dasturda ishtirok etishlari mumkin. 

Zero Risk va Local to Global tashabbusi bilan 2024-yilda 100 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratish rejalashtirilgan. Shundan 65 milliard so‘mini IT-Park, qolgan qismini Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamg‘armasi ajratadi. 

Texnopark direksiyasi chet el kompaniyalari shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlar bilan O‘zbekiston Respublikasi IT-salohiyatini xorijiy davlatlarda targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan prodyuserlik va reklama xizmatlari, xorijiy teleradiokompaniyalar hamda boshqa ommaviy axborot vositalarining reklamalari, reportajlari va boshqa roliklarini tayyorlash va translyatsiya qilish bo‘yicha 200 ming dollargacha bo‘lgan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar imzolash huquqiga ega bo‘ldi. 

IT-Park ko‘rgazmalar, anjumanlar, tashkilotchilari, shuningdek, xorijiy konsalting kompaniyalari va chet ellik maslahatchilar bilan ham xuddi shunday summada shartnomalar tuzishi mumkin. 

IT-park rezidentlari uchun ruxsat etilgan faoliyat turlari ro‘yxatiga xizmatlar hajmida xizmatlar eksporti ulushi mahalliy bozor uchun ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmiga nisbatan yuqori bo‘lgan ikki yoki undan ortiq xorijiy davlatda faoliyat yurituvchi tashkilot tomonidan xizmatlar ko‘rsatishni kiritish rejalashtirilmoqda. 

Roman BONDARCHUK tayyorladi, O‘zA