English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Istirohat bog‘laridagi 320 ta attraksion faoliyati vaqtincha to‘xtatilishining sababi nima edi?
14:11 / 2024-02-01

Bugungi madaniyat va istirohat bog‘lari kechagilaridan farq qiladi. Bunday maskanlarga boshqa sohalarda bo‘lgani kabi qator zamonaviy texnologiyalar kirib keldi. 

Shitob bilan o‘z o‘qi atrofida aylanayotgan arg‘imchoq. Undagi bolakaylarning shodon qiyqirig‘i quloqqa xush yoqadi. Ularni tomosha qilayotgan kattalarning boladay suyunayotganini kuzatish yoqimli. Ana, boshqa tomonda esa nabiralarini oynali xonachalar bilan jihozlangan charxpalakka chiqarib yuborgan otaxon gazeta varaqlab o‘tiribdi.

Ba’zi attraksionlar shu darajada mukammal va murakkab ishlaydiki, undan foydalanishga yurak dosh bermaydiganday tuyuladi. Lekin inson tabiati kuchli hayajon, ba’zan qo‘rquvga soluvchi o‘yin qurilmalaridan foydalanishga moyil bo‘ladi. Bu his, ko‘ngildagi moyillik esa zamonaviy o‘yin jihozlarining xavfsizligiga ishonchingiz komil bo‘lgandagina tug‘iladi.

Shu o‘rinda savol paydo bo‘ladi, odamlarning bunday ishonchiga qanday erishiladi? Ko‘ngilochar maskanlardagi qurilmalar sozligi kim tomonidan nazorat qilinadi?

Madaniyat va istirohat bog‘lari, shuningdek, boshqa ko‘ngilochar maskanlarda o‘rnatilgan attraksionlardan xavfsiz foydalanish talablariga rioya qilinishini o‘rganishga alohida e’tibor qaratiladi. Buning uchan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2023 yil 4 aprelda tegishli farmoyish qabul qilingan.

– Hukumat farmoyishi bilan mamlakatimizning barcha hududlaridagi mavjud attraksionlarni davlat nazoratidan o‘tkazish uchun 16 ta ishchi guruh tuzilgan, – deydi Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasining Istirohat bog‘lari attraksionlarini nazorat qilish bo‘limi bosh mutaxasisi Abdufotih Rashidov. – Buning uchun hududlar kesimida mahalliy hokimliklar, tegishli vazirlik hamda idoralarning yuz nafardan ortiq vakillari jalb qilingan. Ishchi guruhlar tomonidan hududlardagi mavjud 148 ta madaniyat va istirohat bog‘larida jami 1 ming 993 ta attraksion ko‘zdan kechirildi. Ulardan xavfsiz foydalanish talablariga rioya etish holati o‘rganildi. O‘rganish davrida ba’zi kamchiliklar ham aniqlandi. Ularni tezkor bartaraf etish bo‘yicha bildirishnomalar kiritildi.

Kamchiliklarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha bir qancha bandlar doirasida o‘rganishlar olib borilgan. Quyida ularning ba’zilariga to‘xtalamiz.

Bugungi o‘yin qurilmalari oddiy arg‘imchoq yoki sudralib yuradigan aravacha emas. Ularni istagan odam ishlata olmaydi. Buning uchun ma’lum darajada bilimga ega bo‘lish, maxsus yo‘riqnomalar mukammal bilishi, me’yorlarga mos keluvchi ish kiyimi bo‘lishi talab etiladi.

Ishchi guruh o‘rganishlari davomida attraksionlarga xizmat ko‘rsatuvchi javobgar shaxs va operatorlarning 1 ming 200 nafaridan ortig‘ida lavozim yo‘riqnomasi mavjud emasligi aniqlandi. Attraksionga biriktirilgan xodim maxsus o‘quv-kurslarda o‘qitilgan bo‘lishi lozim. Afsuski, ming nafardan ortiq ana shunday xodimda o‘qiganligi to‘g‘risida guvohnoma mavjud emasligi qayd etildi.

Odatda attraksionlar kunlik texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi va u belgilangan tartibda qayd qilib boriladi. O‘rganishlar davomida ko‘p hollarda ana shu jurnal yuritilmasligi ma’lum bo‘ldi.

Aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha madaniyat va istirohat bog‘larida o‘rnatilgan attraksionlardan 320 tasi faoliyati vaqtinchalik to‘xtatildi. Attraksionlarni soz holatda va bexatar ishlatish bo‘yicha javobgar shaxslar kamchiliklarni bartaraf etishi kerakligi haqida ogohlantirildi. 

O‘tkazilgan o‘rganishlar kelgusida ko‘ngilochar maskanlarga keluvchilar hayoti va sog‘lig‘i bilan bog‘liq noxush hodisalarning oldini olishga xizmat qiladi.

Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri