Bir haftadirki, jonajon yurtimizda O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 31-yilligi keng nishonlanmoqda.
Ulug‘ bayram shukuhi haliyam dillarimizni tark etgani yo‘q. Ayniqsa, ijod ahli – shoir, yozuvchi, jurnalist va yoki san’atkorlarimiz ilhomi mahsuli – Vatan va istiqlol madh etilgan katta-kichik asarlar yaralishda davom etyapti. Taniqli shoir Abdurazzoq Obro‘y ham ayyom munosabati bilan mo‘’jazgina dil izhorini qog‘ozga to‘kibdi...
O‘ZBEKISTON
Mustaqilligimizning 31 yiligiga bag‘ishlanadi!
Har kun jaranglaydi qulog‘imda - O‘zbekiston,
Umri mangu bo‘lsin tilagimda - O‘zbekiston,
Sarf etay ilm, kuchim bilagimda, O‘zbekiston,
Asrab-avaylayman, yuragimda - O‘zbekiston!
Shu tuproqni deb yashadi bobokalonlarim,
Shu tuproqni deb yashadi momokalonlarim,
Bir so‘zli, iymonli, yashadi vafokalonlarim,
Asrab-avaylayman, yuragimda-O‘zbekiston!
Yoshi ancha ulug‘, o‘tdi boshdan ne savdolar,
Oromini buzdi turli-tuman, ne g‘avg‘olar,
Topilmaydi hech joyda yurtga bunday shaydolar,
Asrab-avaylayman, yuragimda - O‘zbekiston!
Dunyo bizdan o‘rgandi, bir, ikki, deb sanashni,
Dunyo bizdan o‘rgandi, sog‘lig‘ini saqlashni,
Dunyo bizdan o‘rgandi, yovni qanday savashni,
Asrab-avaylayman, yuragimda - O‘zbekiston!
Ajdodlariga monand bugungi farzandlari,
Alpomish monand, axir, ko‘rinish, savlatlari,
Tinch-osoyishta doim osmon-u sarhadlari,
Asrab-avaylayman, yuragimda - O‘zbekiston!
Bu yurtda tug‘ilganlar, albatta, sher bo‘ladi,
Bu yurtda tug‘ilganlar haqiqiy er bo‘ladi,
Abdurazzoq, O‘zbekiston doston, she’r bo‘ladi,
Asrab-avaylayman, yuragimda - O‘zbekiston!
Abdurazzoq OBRO‘Y
O‘zA