Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Istiqlolga munosib tuhfa
11:21 / 2023-08-30

Mustaqilligimizning 32 yillik shodiyonasi munosabati bilan Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qism va bo‘linmalarda ko‘plab yangi bino va ob’ektlar foydalanishga topshirilmoqda.

Farg‘ona viloyati Rishton tumanida sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlayotgan chegarachi o‘g‘lonlar va ularning oila a’zolari uchun namunaviy loyiha asosida qurib bitkazilgan zamonaviy Chegarani qo‘riqlash vzvodi ochildi. Tadbirda Farg‘ona viloyati hokimi, Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligi mas’ul ofitserlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda “Navbahor” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi ishtirok etdi.  

Unda so‘z olganlar bugun mamlakatimizda yurt himoyachilari va ularning oila a’zolarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar xususida to‘xtalib, mazkur vzvodning foydalanishga topshirilishi ham ana shu sa’y-harakatlarning amaldagi ifodasi ekanini ta’kidladi.  

Xizmat xonadonlarining kalitlari o‘z sohiblariga topshirilgach, mehmonlar bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, islohotlar samarasiga yana bir bor guvoh bo‘lishdi.  

Ta’kidlash kerakki, tuman markazidan 20 kilometr uzoqlikda joylashgan mazkur Chegarani qo‘riqlash vzvodi o‘zida barcha sharoitlarni mujassam etgan kichik harbiy shaharcha ko‘rinishida qad rostlagan. Ma’muriy binoda yurt himoyachilarining bilim olishlari, o‘zbek va jahon adabiyoti namoyandalarining asarlarini mutolaa qilishlari, jismoniy va jangovar tayyorgarlik darajalarini yanada yuksaltirishlari, ovqatlanishlari, dam olish va madaniy hordiq chiqarishlari uchun barcha qulayliklar yaratilgan.  

Vzvodda mavjud zamonaviy axborot-texnologiyalari, qurol-aslaha, harbiy texnikalar esa sarhadlarimiz daxlsizligi va mustahkamligini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilishi, shubhasiz.  

Majmuani barpo etishda nafaqat yuqori darajadagi chegara xizmatini tashkil etish, balki harbiy xizmatchilarning oila a’zolari uchun ham qator qulayliklar yaratilgan bo‘lib, ikki qavatli xizmat uyi barcha sharoitlar bilan ta’minlangan. Uy hovlisida ertamiz egalari uchun bunyod etilgan bolalar maydonchasi endilikda ertamiz egalarining sho‘x-shodon kulgilari bilan to‘ladigan bo‘ldi.  

Harbiy shaharcha hududida tashkil etilgan Rishton tumanidagi 50-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotining qisqa muddatli guruhi sarhadlarimiz posbonlarining farzandlarini maktabgacha ta’lim tizimi bilan qamrab olish barobarida, mazkur yo‘nalishda tegishli ma’lumot va malakaga ega bo‘lgan harbiy oila bekalarining bandligini ta’minlashga ham xizmat qilmoqda.  

Shaharcha hududida qad rostlagan tikuvchilik va qandolatchilik sexlarida faoliyat olib boradigan opa-singillar ham endilikda oila byudjetiga o‘z hissalarini qo‘shish imkoniga ega bo‘ladi.  

Shu kabi zamonaviy, yangi harbiy shaharchalar Toshkent viloyatining Bekobod tumani va Angren shahrida joylashgan bo‘linmalarda ham bunyod etilib, vzvodlarning ma’muriy binosi, barcha qulaylik va shart-sharoitlarga ega xizmat uylari hamda sport maydonlari sarhadlarimiz posbonlari va ularning oila a’zolariga tantanali tarzda topshirildi.  

Bo‘stonliq tumanidagi harbiy qismda qad rostlagan 24 xonadondan iborat xizmat uyining ochilish marosimi ham quvonchli va hayajonli lahzalarga boy tarzda o‘tdi.  

– Istiqlolimizning 32 yillik shodiyonasini yangi uylarda kutib olish baxtiga muyassar bo‘ldik. Bu yerda oilamiz uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Buning uchun davlatimiz rahbari - Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoniga o‘zim va oilam nomidan chuqur minnatdorlik bildirib, ko‘rsatilgan bunday g‘amxo‘rlik  va e’tiborga javoban, zimmamdagi jangovar-xizmat vazifalarni sidqidildan ado etishga va sarhadlarimiz daxlsizligini yanada mustahkamlashga munosib hissa qo‘shishga va’da beraman, – deydi III darajali serjant Abdumalik Mo‘minov.  

Albatta, barcha shart-sharoit va qulayliklarga ega bo‘lgan bunday zamonaviy majmualar yurtimiz himoyachilari va ularning oila a’zolari uchun bayramga munosib tuhfa bo‘ldi.  

Durdona Salixova,  

O‘zA