FOTOREPORTAJ
Uch kun davomida Farg‘ona shahridagi “Istiqlol” tennis majmuasi mezbonlik qilgan xalqaro musobaqa yangidan yangi nomlarni kashf etishda alohida ahamiyat kasb etdi.
12 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazgan musobaqada mamlakatimiz tennischilari bilan birga, Turkmaniston, Qozog‘iston va Qirg‘iz Respublikasi vakillari ishtirok etdi.
Terma jamoalar o‘rtasidagi Markaziy Osiyo chempionatiga saralash bosqichini o‘tab beruvchi mazkur nufuzli bellashuvning yakuniy uchrashuvlari ham qiziqarli ko‘rinish hosil qildi. Unda turnir davomida peshqadamlikni qo‘ldan boy bermagan yurtimiz sportchilari Qozog‘iston terma jamoasiga qarshi kortga chiqdi.
Musobaqa jarayonida har bir ishtirokchining g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqi muxlislarga haqiqiy tennis tomoshasini maroq bilan kuzatishga imkon berdi. Qizlar o‘rtasidagi bahslarda Qozog‘iston jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Keyingi o‘rinlar Turkmaniston va O‘zbekiston vakillariga nasib qildi.
[gallery-23959]
O‘g‘il bolalar bahsida ham Qozog‘iston jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarga O‘zbekiston va turkmanistonlik sportchilar loyiq deb topildi. G‘oliblarga viloyat hokimligi, tennis federatsiyasining diplom, medallari va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA