Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!
Istiqlol – millatning yuragi, davlatning g‘ururi, har bir fuqaro erkin hayotining bosh manbai hisoblanadi. O‘zbekiston 1991 yil mustaqillikka erishishi nafaqat siyosiy voqea, balki tarixiy burilish nuqtasi, butun xalq taqdirida yangi davr boshlanishidir.
Bugun xalqimiz o‘z istiqbolini o‘zi belgilaydi, davlatimiz kun sayin dunyo maydonida munosib o‘rin egallamoqda. Ayniqsa, farzandlarimizga cheksiz imkoniyatlar yaratilmoqda. Umuman, yoshlarimiz uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, bilim olish, yuksak texnologiya va dunyo tajribasini o‘zlashtirish imkoniyati ham istiqlolning asl samarasidir.
Ma’lumki, yurt qadrini vatandan olisda yurganlar teran his qiladi. Shu bois, eng ulug‘, eng aziz bayramimiz arafasida xorijiy o‘lkalarda o‘qiyotgan yurtdoshlarimizning Istiqlol haqidagi fikri bilan qiziqdik.
Mohinur Mannonova, AQSH Arizona universiteti talabasi:

– Men Istiqlol mohiyatini nafaqat tarix nuqtai nazaridan, balki shaxsiy hayotimda ham chuqur his qilaman.
Diyorimiz 1991 yil mustaqillikka erishgach, O‘zbekiston yoshlari uchun ulkan imkoniyatlar eshigi ochildi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Ta’kidlash joiz, inson uchun Mustaqillik – avvalo o‘z yo‘li, kelajagini tanlash imkoniyati. Bugun men tengi yoshlar dunyo bo‘ylab bilim olib, ilg‘or tajriba o‘rganib, so‘ngra Vatanga qaytib xizmat qilish imkoniga ega. Bu aynan Istiqlol sharofati, albatta.
Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi doirasida xorijda tahsil olayotgan o‘zbek talabalariga yaratilayotgan shart-sharoitlar, hukumat tomonidan bildirilayotgan ishonch, alohida qo‘llab-quvvatlov – bularning bari davlatimiz rahbarining yoshlarga nisbatan yuksak e’tiborini ifodalaydi. Nokamtarlikka yo‘ymang-u, men ushbu imkoniyatni munosib baholab, yurtim ravnaqi uchun hissa qo‘shishni fuqarolik burchim, deb bilaman.
Yana bir gap: hozirgi kunda o‘lkamizda amalga oshirilayotgan islohotlar – ta’lim sohasidagi yangicha model, startap va innovatsion loyihalarga berilayotgan grantlar, yoshlar forumlari va xalqaro tanlovlarda qatnashish imkoniyati – biz, yosh avlod kelajagi uchun yaratilgan mustahkam poydevor.
Ishonamanki, har bir o‘zbek farzandi o‘z ustida ishlab, berilgan imkoniyatlardan oqilona foydalansa, o‘lkamiz jahon miqyosida o‘zining asl o‘rnini topib, ilg‘or davlatlar qatoriga kirishi aniq.
Mustaqillik – iftixorimiz! Bu ne’mat qadrini anglash va asrab-avaylash har birimizning muqaddas burchimiz.
Feruzbek Saidov, Hindistonning Haydarobod markaziy universiteti aspiranti:

– Jonajon Vatanimiz mustaqillikka erishgandan buyon o‘tgan har bir yilni xalqimiz uchun buyuk tarixiy tajriba, taraqqiyot sari qo‘yilgan dadil qadam, deya baholash mumkin. Bu jarayonda yosh avlodga berilayotgan yuksak e’tibor alohida o‘rin egallaydi.
Istiqlol – nafaqat siyosiy va iqtisodiy erkinlik, balki mustaqil fikrlash, o‘rganish va mavjud salohiyatni yuzaga chiqarish ham demakdir. Ayniqsa, biz, yoshlar uchun diyorimizda yaratilayotgan sharoitlar, xorijiy oliy ta’lim muassasalarida bilim olish, xalqaro loyihalarda ishtirok etish, ilmiy izlanish olib borish imkoniyati – bularning bari mustaqillik samarasi.
Hozir men tahsilni Hindistonda, aspirantura bosqichida davom ettiryapman. Xalqaro akademik muhitda tajriba orttirayotganim – tengqur hamyurtlarimga berilgan beqiyos imkoniyatlar hosilasidir. Shu bois ilmiy izlanish orqali Vatanim nufuzini xalqaro maydonda yanada yuksaltirish – ezgu maqsadim.
Umuman, O‘zbekistonda ta’lim, yoshlar siyosati, innovatsiya va tadbirkorlik sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar kelajakka ishonch garovi. Zero, bugungi kunda davlat tomonidan yoshlarga taqdim etilayotgan stipendiya, grant, ta’lim dasturlari shaklidagi moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlov har bir yosh o‘z orzusini ro‘yobga chiqarishi uchun samarali vosita bo‘lib xizmat qiladi.
Shuning uchun har bir tengdoshimiz mustaqillik ne’matining qadriga yetib, bilimli, vatanparvar va fidoiy inson sifatida shakllanishi, ota-onasi, jamiyati va yurti oldidagi mas’uliyatni teran anglashi lozim.
Istiqlol – bizga berilgan imkoniyat. Vatan kelajagini yaratish esa aynan biz, yoshlar zimmasida.
O‘zA muxbiri O‘tkir Alimov yozib oldi.