Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Istiqlol va eksport – taraqqiyot va farovonlik
17:49 / 2016-06-10

Bugungi kunga kelib, O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror rivojlanayotgan jahondagi sanoqli davlatlardan biriga aylandi. Mamlakatimizning dunyo bozoridagi o‘rni muttasil kengaymoqda.

Bundan 25-30-yillar avval odamlar orasida “Falon do‘konga importniy mahsulot kelibdi”, degan gap tarqalsa, bir zumda o‘sha do‘kon yonida turnaqator navbat paydo bo‘lar yoxud sotuvchi tovarni orqavarotdan tanish-bilishlariga mo‘maygina narxga pullar edi. Chunki o‘sha yillari aholi ehtiyoji uchun zarur narsalarning aksariyati chetdan keltirilardi. Shu bois u xoh attorlik buyumi bo‘lsin, xoh kiyim-kechak, bundan qat’i nazar, xorijdan keltirilgan har bir mahsulot g‘oyat qadrli hisoblanardi. Shularni o‘ylarkanman, beixtiyor O‘zbekiston Qahramoni Said Ahmadning «Kelinlar qo‘zg‘oloni» komediyasidagi Farmonbibining «Odamlarga chet elniki desang, hatto xo‘rozqandniyam yotib olib yalashadi-ya» degan kinoyali so‘zlari yodimga tushadi...

Istiqlol sharofati bilan xalqimizning turmush tarzi butkul o‘zgardi. Bozorlarimizda mahsulot tanqisligiga chek qo‘yilib, o‘z mahsulotlarimizni ishlab chiqarishdek ulkan baxtga erishdik. Eng quvonarlisi, yurtimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar xalqimizning ehtiyojini to‘la qondirish bilan birga, tashqi bozorlarga ham chiqarilmoqda. Avvallari tadbirkorlarimizga yot bo‘lgan “eksport” tushunchasi bugun milliy iqtisodiyotimizda katta ulushni egallaydigan daromad manbalaridan biriga aylandi.

Ilgari hatto oddiy iste’mol tovari ham tanqis hisoblangan bo‘lsa, bugun har qadamda uchraydigan do‘konlar, bozoru supermarketlardagi, yirik savdo markazlaridagi turfa xil va hajmdagi mahsulotlarni ko‘rib, ko‘z quvonadi. Ayniqsa, ularning qadog‘idagi “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” degan yorliqqa ko‘zimiz tushsa, qalbimiz faxr-iftixorga to‘ladi.

Bugungi kunga kelib, O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror rivojlanayotgan jahondagi sanoqli davlatlardan biriga aylandi. Mamlakatimizning dunyo bozoridagi o‘rni muttasil kengaymoqda. Yurtimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar dunyoning turli hududlariga eksport qilinmoqda. Mustabid tuzum davrida asosan paxta yetishtirish orqali kun ko‘rgan O‘zbekiston bugun jahon bozoriga kiyim-kechakdan tortib oziq-ovqat mahsulotlarigacha, qurilish ashyolariyu avtomobildan murakkab texnologik mahsulotlargacha – deyarli barcha turdagi tovarlarni chiqarmoqda. Milliy mahsulotlarimiz yuqori sifati va raqobatbardoshligi bilan har qanday didi nozik iste’molchiga ham ma’qul kelmoqda.

– O‘zbekistonning sanoat sohasidagi ulkan salohiyati mamlakatingizning eksport borasidagi imkoniyatlari katta ekanidan, yurtingiz bilan hamkorlikning istiqboli porloq ekanidan dalolat beradi, – deydi Xitoyning Szyaotszo shahri savdo tashkiloti raisining o‘rinbosari Fu Shiao Ven. – O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar yuqori sifati, bejirim dizayni va xalqaro talablarga to‘la mosligi bilan alohida ajralib turadi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2015-yilda mamlakatimizdan eksport qilingan jami mahsulotlarda xizmatlar 24,5 foiz, oziq-ovqat mahsulotlari – 10,2, qora va rangli metall – 6,4, paxta tolasining ulushi – 5,7, kimyo sanoati mahsulotlari – 4,8 foizni tashkil etgan. Ayni paytda mamlakatimiz eksporti tarkibida tayyor mahsulotlar ulushi 70 foizdan ziyodni tashkil etayotgani yurtimiz sanoati salohiyati yuksalib borayotganidan dalolat beradi.

Quvonarlisi, 2015-yilda mamlakatimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotiga a’zo davlatlarning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishgani uchun beriladigan mukofotiga sazovor bo‘lgan 14 davlatdan biri sifatida e’tirof etildi.

Bunday muvaffaqiyatlarga osonlikcha erishilgani yo‘q, albatta. Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan sanoatni izchil rivojlantirish, iqtisodiyotda uning asosiy tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish va eksport salohiyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan beqiyos ishlar ana shunday yuksak samaralar berayotir. Zero, bu kabi keng ko‘lamli sa’y-harakatlar pirovardida xorijiy sarmoyadorlarning O‘zbekiston iqtisodiyotiga investitsiya kiritishga qiziqishi ortib borishiga, mamlakatimiz bilan hamkorlik qilishga ishonchining kuchayishiga xizmat qilayotir. Mamlakatimizda chet ellik investorlar bilan tuzilgan qo‘shma korxonalar yil sayin ko‘payib borayotgani buning yaqqol tasdig‘idir. “East Butterfly”, “Novopharma Plus”, “Global Komsco Daewoo”, “Uztex-Toshkent”, “Agromir” va boshqa qo‘shma korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar dunyoning turli mamlakatlariga eksport qilinmoqda.

– 2012-yilda tashkil etilgan korxonamiz barcha mavsumga mo‘ljallangan poyabzallar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi, – deydi «Khanabad-Seul» O‘zbekiston-Janubiy Koreya qo‘shma korxonasi rahbari Azamat To‘xtasinov. – Bejirim va ko‘rkam dizaynli, sifati xalqaro andozalarga mos mahsulotlarimizga talab oshib bormoqda. Bu mahsulot turlarini ko‘paytirishni talab etmoqda. Ayni paytda mahsulotlarimizni eksport qilish bo‘yicha qator mamlakatlar bilan muzokaralar olib boryapmiz. Poyabzal ishlab chiqarishda uning sifatiga va dizayniga alohida e’tibor qaratamiz. Milliy va zamonaviy ruh uyg‘unligida tayyorlangan poyabzallarimiz ko‘pchilikka manzur bo‘lmoqda.

Iqtisodiyotimizga chet el investitsiyalarini jalb etish nafaqat xorijiy sheriklar bilan hamkorlikda yangi loyihalarni amalga oshirish, ayni paytda zamonaviy texnika, dastgoh va uskunalar, texnologiya va nou-xaularni joriy etish, shu asosda mahsulotlarning yuksak sifati va raqobatbardoshligini ta’minlash, eksport ko‘lamini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Buning amaliy samarasini Toshkent viloyatida O‘zbekiston va Xitoy ishbilarmonlari hamkorligida tashkil etilgan “Hi-Tech Kabel” qo‘shma korxonasi misolida ham ko‘rish mumkin. Bu yerda ilg‘or texnologiyalar asosida past va yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari uchun ishlatiladigan kabel-simlar, jumladan, kuchlanishi 35 kilovattgacha teng bo‘lgan to‘qimalipolietilen qobiqli kuchli tok kabellari, optik-tolali, nazorat kabellari, turli o‘tkazgichlar ishlab chiqarilmoqda. Korxonada mahsulot ishlab chiqarishda “Rosendahl” (Avstriya), “Troester”, “High-Volt” (Germaniya), “Samp” (Italiya), “Nokia” (Finlyandiya), “Caballe” (Ispaniya), “Well Gain Cable Systems” (Xitoy) kabi jahonning nufuzli kompaniyalarining yuqori texnologiyali uskunalaridan foydalaniladi.

Mahsulot tayyorlashda energiyani tejaydigan qurilmalardan foydalanilayotgani mehnat samaradorligini oshirish, atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish, mahsulot sifatini kafolatlashga xizmat qilmoqda. Ishlab chiqarish hajmining oshishi va mahsulot turining ko‘payishi eksport hajmining o‘sishini ta’minlamoqda. Ayni paytda korxona mahsulotlari Rossiya, Turkmaniston, Qozog‘iston, Turkiya, Gruziya kabi mamlakatlardagi buyurtmachilarga yetkazib berilmoqda.

2015-yilda korxonada 45 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Joriy yilda bu ko‘rsatkichni 50 milliard so‘mga yetkazish rejalashtirilgan.

– Prezidentimiz rahnamoligida xorijiy sarmoyadorlar bilan hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilayotgani erkin va samarali faoliyat yuritishimizda muhim omil bo‘lmoqda, – deydi “Hi-Tech Kabel” mas’uliyati cheklangan jamiyati tijorat direktori Azizjon Usmonov. – Korxonamizda texnologik jarayonni muttasil takomillashtirish va yangi texnologiyalarni o‘zlashtirishga katta e’tibor qaratiladi. Mijozlarimiz safida turli nufuzli tashkilotlar va kompaniyalar borligi bizni quvontiradi. Jamoamiz kelgusida nafaqat O‘zbekistonda, balki mintaqamizda ishlab chiqarish hali yo‘lga qo‘yilmagan va talab o‘sib borayotgan yuqori texnologiyali kabellarni tayyorlashni va eksportini yanada kengaytirishni maqsad qilgan.

Mamlakatimizda barpo etilgan “Navoiy”, “Angren” va “Jizzax” industrial-iqtisodiy zonalari bu borada ulkan yutuqlarga erishish va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqaradigan sanoat korxonalari tashkil etish, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun qulay shart-sharoit va keng imkoniyatlar yaratishga katta hissa qo‘shayotir.

Mamlakatimiz korxonalarini eksport faoliyatiga yanada keng jalb etish, ularning mahsulotlarini tashqi bozorlarga yo‘naltirish, milliy mahsulotlar eksporti salohiyatini yuksaltirish va jo‘g‘rofiyasini kengaytirishda O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining alohida o‘rni bor. Mazkur jamg‘arma tadbirkorlarning turli xorijiy mamlakatlarda o‘tkazilayotgan xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda, biznes-forum va kooperatsion birjalarda ishtirok etishi, chet eldan hamkorlar topishi va shartnomalar tuzishi, qisqasi, ularning o‘z mahsulotlarini eksport qilishida amaliy yordam ko‘rsatmoqda.

Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilgan ulkan islohotlar qishloq xo‘jaligini ham tubdan diversifikatsiya qilish imkonini berdi. O‘zbekiston qisqa muddatda jahon bozorida xaridorgir meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiradigan va eksport qiladigan yetakchi mamlakatga aylandi. Bugungi kunda O‘zbekiston umumiy qiymati besh milliard dollardan ziyod oziq-ovqat, birinchi navbatda, meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilmoqda. So‘nggi yillarda tashqi bozorga yo‘naltirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi uch barobardan oshdi. Mamlakatimiz saksondan ortiq davlatga 180 turdan ortiq sarxil meva-sabzavot va ularni qayta ishlash asosida tayyorlangan mahsulotlarni eksport qilayotir. Shu o‘rinda aytish joizki, O‘zbekiston o‘rik, olxo‘ri, uzum, yong‘oq, karam va boshqa ko‘plab meva va sabzavot mahsulotlarini eksport qilish hajmi bo‘yicha dunyoda shunday mahsulotlarni yetkazib beradigan o‘nta yetakchi davlat qatorida turadi.

– O‘zbekiston mevalari lazzatli ta’mi bilan alohida ajralib turadi, – deydi Janubiy Koreyaning “NK Globalnet” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Shin Kyung Xun. – Kompaniyamiz qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilishga ixtisoslashgan. Mazkur sohada katta salohiyatga ega O‘zbekiston jahon bozorini yuksak sifatli mahsulotlari bilan keng egallamoqda. Biz ham mamlakatingizda yetishtiriladigan meva-sabzavotlarni sevib iste’mol qilamiz. G‘oyat totli mevalaringizdan Janubiy Koreya aholisini ham bahramand etish maqsadida O‘zbekistonning “GDF” korxonasi bilan gilos import qilish bo‘yicha shartnoma imzoladik. Kelgusida mamlakatingizdan boshqa turdagi meva-sabzavotlarni ham import qilishni rejalashtirganmiz.

Engil sanoat mahsulotlarini eksport qilish ko‘lami ham yil sayin kengayib bormoqda. Chunonchi, ilgari xorijiy davlatlar yurtimizdan paxtani sotib olib, uni qayta ishlab, so‘ng tayyor mahsulot holida o‘zimizga bir necha barobar qimmatga pullar edi. Istiqlol sharofati bilan yurtimizda tayyor mahsulot ishlab chiqarish, uni jahon bozoriga taklif etish va dunyo tadbirkorlari bilan teng raqobatlashish imkoniga ega bo‘ldik.

“O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati ma’lumotlariga ko‘ra, bugun tashkilot tarkibida uch yuzdan ziyod korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Shulardan 250 dan ortig‘i eksportchi korxonalardir. Ayni paytda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan yengil sanoat mahsulotlari Yevropa, Amerika, Osiyo va Afrika mamlakatlariga yetkazib berilayotir. O‘tgan yili qiymati bir milliard dollardan ziyod yengil sanoat mahsulotlari eksport qilindi. Ushbu mahsulotlar soha korxonalarining turli davlatlarda joylashgan dilerlik bo‘limlari orqali ham eksport qilinmoqda.

O‘tgan yili Shveytsariyada Jahon iqtisodiy forumi tomonidan e’lon qilingan iqtisodiyoti eng tez rivojlanayotgan mamlakatlar reytingida O‘zbekiston 5-o‘rinni egallagani mamlakatimiz iqtisodiy qudrati izchil mustahkamlanib borayotganining xalqaro e’tirofi bo‘ldi. Ushbu hisobotda O‘zbekistonning zamonaviy bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o‘tayotgani ijobiy baholangan. Mamlakatimiz paxta, neft-gaz va kimyo mahsulotlari eksporti bo‘yicha jahonda yuqori o‘rinlarni egallayotgani qayd etilgan.

Ha, mamlakatimizning barqaror rivojlanishga erishishi «tanqislik» so‘zini iste’moldan butunlay chiqarib tashladi, iqtisodiy qaramlikdan xalos etdi. G‘oyat qisqa davrda turli tarmoqlarda, xususan, iqtisodiy sohada amalga oshirilgan islohotlar samarasida xalqimizning munosib hayot kechirishi uchun barcha sharoit yaratildi. Eng asosiysi, o‘z mahsulotlarimizga ega bo‘ldik, ularni turli mamlakatlarga eksport qilmoqdamiz. Ko‘plab nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan barqaror rivojlanish bo‘yicha o‘tkazilayotgan reytinglarda O‘zbekistonimiz yuqori o‘rinlarni zabt etayotgani xalqimiz kechirayotgan obod va farovon hayotning amaldagi in’ikosidir.