Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risidagi yangi yil bo‘sag‘asida qabul qilgan qarori xalqimizning nigohini yaqin o‘tmishimizga qaratdi.
Istiqlol har birimizning yurak mehvarimizdan o‘tganini ko‘rdik. U ongimizning ostki va ustki qavatlarini ishg‘ol qildi. Hazilakam gap emas, xalqimiz unga bir yuz o‘ttiz yil orzu qilib yetishdi. U bizga tanu jon, borlik va yo‘qlik barobarida qimmatli. Keyingi o‘ttiz yil mobaynida orzular birma-bir ushaldi.
Xalq, mamlakat ozod qad ko‘tardi. Bir yuz o‘ttiz yillik qonli, alamli mashaqqatlar, omonsiz kurashlar evaziga qayta tug‘ilgandek bo‘ldik. Ozodligimiz yo‘lidagi o‘tib bo‘lmas g‘ovlar quladi. Istiqlol bizga yo‘llar ochdi. Ular bari xalqimiz uchun munosib yashash, erkin mehnat, o‘qish-o‘rganish, bezavol kamol topish yo‘llari bo‘ldi.
Istiqlol deganda O‘zbekistonda o‘ttiz yilda barpo etilgan kommunikatsiya inshootlari namoyon bo‘layotir. Sharqdan G‘arbga, Shimoldan Janubga, do‘st va qardosh diyorlarga yo‘llar soldi O‘zbekiston! Tarixiy o‘zanlarni tikladi O‘zbekiston! Biron davlat O‘zbekistonchalik yo‘l qurganmikan o‘ttiz yilda. Magistral yo‘llarda o‘z qudrati va kelajagini ayon ko‘rdi O‘zbekiston!
Bular qashshoqlik, zabunlik, zavoldan qutulish yo‘llari edi! Yo‘l bo‘lmasa, qardosh bo‘lmasa, hamroh bo‘lmasa, qayda, qachon, kim qashshoqlik va xor-zorlikdan qutulolgan?!
Istiqlol boshidanoq insonni o‘yladi. Butun harakatini insonga, uning erki, ravnaqi, manfaatiga qaratdi. Davlat, hukumat o‘zining barcha maqsadlarini yurt farovonligi, inson baxti-saodatiga bag‘ishladi.
Qashshoqlik, ochlik, yupunlik balosini yengib o‘tishni maqsad qilib qo‘ydik. O‘ttiz yil ichida odamlarning yurish-turishi, kiyinishi, yeb-ichishi tubdan o‘zgardi. Oyoqlar yangi, yarqiragan. Darvozalar oldida mashinalar gurkiragan, maktablar, bog‘chalar, universitetlar gavjum. Hatcha xolaning nevarasi Harvardda jahon biznesi tamoyillarini o‘z yurtida qo‘llash dardida g‘ayrat otiga mingan. Ayniqsa, ayollar, yoshlar, bolakaylarning ust-boshlari chiroyli, orasta.
Bular istiqlol natijasi emasmi? Qashshoqlikning daf bo‘layotgani emasmi? Istiqlol mazmunan va mohiyatan shunday bir ijtimoiy-siyosiy hodisa ekankim, mana o‘ttiz yilda rosa ayon bo‘layotir. U paydar-pay taklif etayotgan g‘oyalar hamda imkoniyatlarga odamlar bo‘ylab, barobar bo‘lib ulgurmay qolishyapti. Uning qat’iy talablariga javob berolmay yangi bilim, yangi fikr o‘choqlarini qidirib qolishyapti!
Ha, istiqlol bu -- tinimsiz harakat, tinimsiz jasorat, tinimsiz ilm-urfonni egallash. Doim yangi marralarga chiqishdir. Istiqlolning harakat falsafasi, dinamikasi shunday!
Ibrohim G‘AFUROV,
O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi,
adabiyotshunos olim