Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Istiqlol in’om etgan ne’matlar sharaflanmoqda
10:55 / 2023-08-31

Surxondaryo viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 32 yilligiga bag‘ishlab “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida o‘tkazilayotgan bayram tadbirlari yuqori saviyada davom etmoqda.

Viloyatning asosiy bayram shodiyonasi Termiz shahridagi San’at saroyi amfiteatrida bo‘lib o‘tdi.  

Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov voha ahli va mehmonlarini buyuk ajdodlarimiz va jafokash xalqimizning asriy orzularini ro‘yobga chiqargan istiqlol bayrami bilan tabrikladi. Viloyatda yuz berayotgan ulkan o‘zgarish va yangilanishlar haqida atroflicha so‘z yuritilib, erishilayotgan yutuqlar inson qadrini ulug‘lashga, ko‘p millatli xalqimizning hayotdan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qilayotgani qayd etildi.  

Mustaqillik sharofati bilan Surxondaryo viloyati ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanib, mamlakatimizning janubdagi eng obod, to‘kin va yangi qiyofada bo‘y cho‘zayotgan hududiga aylanmoqda. Ayniqsa, keyingi yillarda inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilayotgan islohotlar eng chekka va olis hududlarda ham odamlarning turmush darajasini yuksaltirib, tinch, farovon, to‘kin hayot kechirishida muhim omil bo‘layotir.  

Mamlakatimizda agrar viloyat sifatida tanilgan Surxon vohasi so‘nggi yillarda yuksalishning yangi bosqichiga qadam tashlab, zamonaviy sanoati rivojlangan hududga aylanayotir. Jumladan, 2017 yilgacha viloyatda yetishtirilgan paxta xom ashyosining atigi 11 foizi mahalliy sharoitda qayta ishlangan bo‘lsa, endilikda 100 foiz tola hududning o‘zida qayta ishlanyapti  Bu o‘zgarish yengil sanoat mahsulotlarini qayta ishlash hajmini 2017 yilga nisbatan keskin o‘zgartirdi. Yangi quvvatlarni tashkil etish hisobiga qo‘shimcha soliq tushumi manbai yaratilmoqda. Eksport hajmini yil sayin oshirmoqda. Shuningdek, sanoatning boshqa tarmoqlari hamda qurilish, xizmatlar ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish sohalarida ham olamshumul yutuqlarga erishilmoqda. Xususan, joriy yilning birinchi yarmida viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 18,7 trillion so‘mga yetib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 105 foizga oshdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 4 trillion so‘mni, xizmatlar hajmi 7,1 trillion, qurilish ishlari hajmi 3,7 trillion, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 12,5 trillion so‘mni tashkil etdi.  

Joriy yilning yetti oyida byudjet daromadi 1 trillion 552 milliard so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 153 milliard so‘m yoki 110,9 foiz o‘sishga erishildi.  

Mamlakatimizda mahallabay ishlash orqali kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan kompleks chora–tadbirlar keyingi yillarda mustaqillik in’om etgan buyuk ne’mat bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining bevosita g‘oyasi bilan ilgari surilgan bu tashabbus Surxondaryo viloyatida ham o‘z samaralarini berayotir. Ishsizlikni kamaytirishga, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlab, ularning turmush darajasini oshirishga xizmat qilmoqda. Xususan, yilning o‘tgan davrida hokim yordamchilari tavsiyanomalari asosida oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 22 ming 255 ta loyihaga 516,7 milliard so‘mlik kredit ajratildi. Mehnat qurollari va asbob-uskunalar bilan ta’minlab, tadbirkorlikka jalb etish uchun 2 ming 748 nafar ehtiyojmand kishiga 11,7 milliard so‘m subsidiya berildi. Elektron tanlov asosida 5,5 ming gektar yer maydoni dehqonchilik qilib, daromad manbaini yaratish uchun kam ta’minlangan oilalarga ajratildi.  

Joriy yil vohada qiymati 347 milliard so‘mlik 1,5 mingdan ortiq mikroloyihani shakllantirish, 4 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Yilning o‘tgan davrida ularning 554 tasi ishga tushirilib, 1 ming 364 ta yangi ish o‘rni barpo etildi. Yetti oyda vohada 276,5 ming ish o‘rni yaratildi. Dasturlar doirasida 10 ming 431 kishiga ko‘rsatilgan turli yordamlar hisobiga kambag‘allikdan chiqarildi.  

Viloyatda keksalar, xotin-qizlar va yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, investitsiya dasturlarining bajarilishi, tayyor mahsulotlarni eksport qilish, “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi doirasida olib borilayotgan ishlar, turli ijtimoiy soha obektlari va uy-joylar qurish, turizm, xizmatlar ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda ham salmoqli yutuqlarga erishilmoqda. Bularning barchasi odamlarning hayot darajasini oshirib, istiqlol imkoniyatlariga ishonch, Yangi O‘zbekistonga muhabbat va yurt taraqqiyotiga daxldorlik tuyg‘usini yuksaltirmoqda.  

Janubdagi vohaning asosiy bayram shodiyonasi mamlakatimiz poytaxti va viloyat san’at ustalarining qiziqarli konsert dasturi bilan yakunlandi.  

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,  

O‘zA muxbiri