FOTOREPORTAJ
Bugun mamlakatimiz futbol jamoatchiligining nigohi Superliganing 29-turi doirasida bo‘lib o‘tadigan “Neftchi” – “Qizilqum” uchrashuviga qaratilgan. Uchrashuvda mezbonlar g‘alaba qozonsa, joriy yilgi chempion nomi muddatidan oldin ma’lum bo‘ladi.
– Stadionimiz chempionlik o‘yiniga tayyor, - deydi Farg‘onadagi “Istiqlol” stadioni direktori Hokimjon Fayziyev. – Tarixiy o‘yinga tashrif buyuradigan mehmonlar, jurnalistlar va albatta muxlislar uchun barcha sharoitni yaratishga harakat qilyapmiz. Avvalo, har doimgidek o‘yingohimizning tozaligiga katta e’tibor qaratilgan. Mutaxassislarimiz tomonidan maydon chimi ideal holatga keltirildi. Ta’kidlash kerak, o‘z bag‘riga 19 ming muxlisni sig‘dira oladigan “Istiqlol” stadioni mutaxassislar tomonidan mamlakatimizning sifatli o‘yingohlari qatoriga kiritilgan.
[gallery-26444]
“Qizilqum”ni mag‘lub etib so‘nggi tur natijasidan qat’iy nazar chempion bo‘lishi kutilayotgan “Neftchi” o‘z maydonidagi uchrashuvlarda safardagi o‘yinlarga nisbatan ko‘proq gol urgan, ko‘proq g‘alaba qozongan, ko‘proq ochko yiqqan. Bu kichik statistika o‘yingohning hozirgi holati a’lo darajada ekanligidan dalolatdir.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA