Yil sayin yurtimizda bo‘layotgan ulkan yangilanish va bunyodkorliklar tufayli aholining turmush farovonligi yaxshilanib, yashash darajasi o‘sib barmoqda. Shunday mas’uliyatni his qilgan holda, “Toshkent viloyati tajribasi – sadoqat namunasi” tamoyilini joylarda tizimli amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlar davom etmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, hudud bo‘yicha o‘tgan uch yilda 15 mingta yangi tadbirkorlik sub’ekti tashkil etilib, ularning soni 58 mingtaga yetdi. 2025 yilning 1 yanvar holatiga viloyatda kambag‘allik darajasi 8 foiz(64 mingta oila)dan, 5,4 foizga tushdi. So‘nggi o‘n oy davomida esa hokim yordamchilari tomonidan Toshkent viloyati bo‘yicha jami 39 ming 436 ta mikroloyiha amalga oshirildi. Bu ko‘rsatkich yillik rejaning qariyb 100 foizini tashkil etadi.

Mikroloyihalarning katta qismi qishloq xo‘jaligi, tomorqachilik, savdo-sotiq, xizmat ko‘rsatishning boshqa yo‘nalishlariga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, kambag‘al oilalar ishtirokida ham 7 mingga yaqin loyihalar hayotga tatbiq etilganini ta’kidlash mumkin. Eng faol hududlar sifatida Zangiota, Toshkent, Qibray va Yangiyo‘l tumanlari ajralib turibdi. Ushbu natijalar mikrobiznesni rivojlantirish, aholini ish bilan ta’minlash hamda mahalliy iqtisodiyotni barqaror o‘sish yo‘liga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xususan, O‘rta Chirchiq tumanida ham bu borada tizimli ishlar olib borilmoqda. Birgina “Kuchluk” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi oilaviy tadbirkor Sotiboldi Fayzullayev tomorqadan yiliga 500 million so‘mgacha daromad oladi. U tomorqasida Ozarbayjon va Gruziya davlatlarida ommalashgan funduk (o‘rmon yong‘og‘i) daraxtini parvarish qiladi. Shu bilan birga, 25 ming tup daraxt ko‘chatlari ham ekilgan.

– Bir nechta yillardan beri shu yo‘nalishda funduk ko‘chatlarini viloyatimiz aholisiga yetkazib beramiz, – deydi oilaviy tadbirkor Sotiboldi Fayzullayev. – Buning hosili bozorda 100 ming so‘mgacha sotiladi. Asosiysi daraxt issiq va sovuqqa chidamli. O‘zi aslida bu daraxt ko‘chatlarini ikki yilda ko‘chirib o‘tkazishga tayyor bo‘ladi. Lekin biz agronomlar tavsiyasi bilan parvarishlab, bir yilda savdoga chiqaryapmiz. Bir ko‘chatni 40 ming so‘mdan sotamiz. Kelgusida yana 30 sotix maydonda ko‘chatxona tashkil qilish uchun hokim yordamchisi tavsiyasi bilan imtiyozli kredit olishni maqsad qilganmiz.

O‘rta Chirchiq tumani Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik ko‘maklashish bo‘limi rahbari Sardor O‘talovning aytishicha, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi ijrosi bo‘yicha joylarda tizimli ishlar olib borilmoqda. Mahallalardagi hokim yordamchilari tavsiyasi asosida ishsizlar mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish, issiqxona, tomorqa yer maydonlarida mikroloyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashilmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/S2ehAm0BuPU" title="Istiqbolli mikroloyihalar aholibandligini ta’minlamoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Musayev, O‘zA.