Buxoro viloyati Peshku tumani Varaxsha cho‘li massivida "Xastanapur naslli chorvador" mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi ferma tashkil etilgan.
– O‘z hisobimizdagi 1 milliard 300 million so‘mdan tashqari, 5 yil muddatga AT “Xalq banki” Yangibozor filialidan olingan 5 milliard 345 million so‘m miqdoridagi imtiyozli kredit evaziga chorvachilik majmuasini barpo etdik, – deydi Mansur Mahmudov. – "Mustaqillik" hududidagi bu majmuaning asosiy bino-inshootlari bitgach, bank imtiyozli krediti hisobidan maxsus texnikalar, Chexiya davlatidan sut yo‘nalishidagi "Golshteyn" va bo‘rdoqichilikka mansub "Aberdin Angust" zotli 300 bosh naslli qoramollar olib kelindi.
Dastlab fermada 12 kishi ishlagan bo‘lsa, bugun ularning soni 45 nafarga yetgan. Ishchilarga qulaylik yaratish maqsadida MCHJ hisobidan bepul issiq ovqat, dam olish va yuvinish xonalari tashkil qilingan. Qatnab ishlayotgan ishchilar uchun maxsus avtomashina xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Parvarishlanayotgan qoramollarning 130 boshi sog‘in sigir bo‘lib, ulardan kuniga 1,5 tonna atrofida sut sog‘ib olinadi. Shuningdek, fermada parvarishlanayotgan 200 boshga yaqin buzoq va yana shuncha g‘unajin ayirboshlashdan o‘tgan. 2021 yilda korxonaning qo‘lga kiritgan umumiy daromadi 5 milliard so‘mdan ortgan. Qoramolchilikdan tashqari, "Xastanapur naslli chorvador" fermasi "Varaxsha" cho‘l massividan 1 ming 850 gektar yaylov yerini o‘zlashtirgan va bu yerda boqilayotgan zotdor hisori qo‘ylar soni 400 boshdan oshgan.

Chorvachilik majmuasini kengaytirish, qoramol bosh sonini ko‘paytirish maqsadida MCHJ ga tuman hokimligi tomonidan dastlabki yilda 127 gektar ekin yeri ajratilgan. Keyingi yili yana 105 gektar oborotdan chiqqan noobod yer maydoni o‘zlashtirilgan. Yalpi ekin maydonining 160 gektarida o‘t beda, 30 gektar maydonida tariq, roj, 45 gektar yerda mahalliy o‘g‘it kiritilib, makkajo‘xori, lavlagi va boshqa ozuqabop ekinlar yetishtirilib, chorva mollari ratsioni uchun zaxira yaratilmoqda.
Korxona tomonidan kooperatsiya xizmati joriy qilingan. Faoliyat boshlaganidan buyon aholi va tumandagi chorvachilik fermer xo‘jaliklariga ta’minotchi sifatida 2018 yilda 2 milliard 870 million so‘m qiymatidagi 180 bosh, 2019 yilda 4 milliard 870 million so‘m qiymatida 271 bosh naslli qoramol aholi va turdosh xo‘jaliklarga sotilgan. Bu ko‘rsatkich 2020 yilda 5 milliard 780 million so‘mga, ya’ni 327 bosh qoramolga yetkazilgan. Bugun jamiyatning chorva majmuasida 780 bosh naslli qoramoldan tashqari, 420 bosh hisori va qorako‘l qo‘ylari, o‘nga yaqin ot parvarishlanmoqda.
– Shu kunlarda Bobohoji va Xorkash mahallalarida istiqomat qilayotgan ehtiyojmand oilalar, "Temir", "Ayollar" va "Yoshlar" daftarlariga kiritilgan fuqarolarga keyinchalik buzog‘ini bozor narxida sotib olish sharti bilan bo‘g‘oz qoramol yetkazib beryapmiz, – deydi Mansur Mahmudov. –Albatta, bu o‘sha oila uchun ham foydali va ro‘zg‘ori sut-qatiqdan bahramand bo‘ladi. Hozirda bu mahallalarga 157 bosh qoramol tarqatgan bo‘lsak, yarim yillik davrida yana 280 bosh qoramol tarqatamiz. Kooperatsiya tartibida shu yil ikkinchi yarmida Rossiyadan 2 ming bosh "Chernыy pestr" ("Qora–ola") zotiga mansub nasldor qoramol olib kelish harakatidamiz.
Korxona tomonidan sutni qayta ishlashga mo‘ljallangan sex barpo etilmoqda. Bu kuniga 5 tonna sutni qayta ishlash imkonini beradi. Eng asosiysi yangi ish o‘rinlari yaratiladi, oilalar daromadi oshadi.
Zarif Komilov,
O‘zA