O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining Rossiya Federatsiyasidagi vakili Abdulaziz Abduvaliyev, Buxoro viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Amrillo Nazarov boshchiligida viloyat qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Askar Javodov, Agroxizmatlar markazi direktori Turg‘un Usmonov, viloyat hokimligi investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Ulug‘bek Hamroyev Rossiya Federatsiyasining Astraxan oblastining qishloq xo‘jaligi va baliqchilikni rivojlantirish vazirligi mutasaddilari bilan ZOOM platformasi orqali muzokara o‘tkazdi.
Viloyatda har yili 10 ming gektar yer maydonida kartoshka yetishtiriladi. Shundan 4 ming gektar fermer xo‘jaliklarida, 6 ming gektardan iborat aholi tomorqasi va dehqon xo‘jaliklarida kartoshkaning serhosil navlariga mansub urug‘liklar yetishtirilmoqda. Shu bilan birga, kartoshkaga talab oshib borayotgani bois, iste’molni to‘la-to‘kis qoplash maqsadida kartoshka mahsulotini chet eldan import qilish, qolaversa, xorijning ilg‘or navlarini mahalliylashtirish chora-tadbiri ko‘rilmoqda.

Astraxan oblastining qishloq xo‘jaligi va baliqchilikni rivojlantirish vaziri vazifasini bajaruvchisi Andrey Timofeyev, oblastning tashqi savdo aloqalari bo‘yicha vaziri vazifasini bajaruvchisi Ilya Toropitsin, qishloq xo‘jaligi va baliqchilikni rivojlantirish vazirligining o‘simlikshunoslik bo‘limi boshlig‘i Aygul Manishinalar bilan muzokarada viloyatimiz bozorlariga ozuqabop kartoshka mahsulotini yetkazib berish, shuningdek, kartoshka urug‘chiligi yuzasidan agronom mutaxassislar o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish xususida istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.