Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Istiqbolli kadrlar uchun yangi imkoniyatlar
13:08 / 2025-10-17

Navoiy shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi Navoiy viloyati filiali, Yoshlar ishlari agentligi, maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi hamkorligida seminar va uchrashuvlar tashkil etildi.

Ularda viloyatdagi davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchi kurs talabalari, magistrlar, ilmiy izlanuvchi va mustaqil tadqiqotchilari, professor-o‘qituvchilar, akademik litsey, professional ta’lim muassasasalari bitiruvchilari, Prezident, ixtisoslashtirilgan va umumta’lim maktablari o‘quvchilari hamda davlat xizmatchilari ishtirok etdi.

Seminar va uchrashuvlarda yoshlarga dunyoning TOP yetakchi universitetlari bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlarida ta’lim olish uchun jamg‘arma tomonidan e’lon qilingan stipendiya tanlovining asosiy talablari, tanlov uchun ajratilgan o‘rinlar va yo‘nalishlar xususida ma’lumotlar berilib, taqdimotlar qilindi.

– Mamlakatimizda iqtidorli yoshlar va mutaxassislarni xorijdagi nufuzli ta’lim dargohlarida tahsil olishi hamda davlat xizmatchilarini o‘qitish va stajirovkasini tashkil etish orqali ularning kasbiy ko‘nikmalari, bilimi va tajribasini yanada oshirish strategik ahamiyat kasb etmoqda, – deydi Boshqaruv samaradorligi agentligi Navoiy viloyati filiali bosh inspektori Dilshod Qodirov. – Bugungi kunda birgina Navoiy viloyatidan “El-yurt umidi” jamg‘armasining 34 nafar stipendiatlari AQSH, Buyuk Britaniya, Italiya, Avstraliya, Xitoy, Rossiya Federatsiyasining nufuzli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan bo‘lsa, 40 dan ortiq malakali mutaxassislar esa vazirlik va idoralar, oliy ta’lim hamda sog‘liqni saqlash muassasalarida samarali faoliyat yuritmoqda. 

Iqtidorli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yilning 5 may kuni davlatimiz rahbarining “Iqtidorli mutaxassislarning xorijda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash, ularda kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingan edi.

[gallery-25768]

Farmonga ko‘ra, mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi etib qayta tashkil etildi.

 2025 yil 1 sentyabrdan boshlab iqtisodiyotning muhim tarmoqlari va boshqa yo‘nalishlarda jamg‘arma mablag‘lari hisobidan maqsadli stajirovka dasturi amalga oshirilmoqda.

 Maqsadli stajirovkani o‘tagan mutaxassislar va o‘qishni yakunlagan stipendiatlarning qaytganidan so‘ng, xorijda olgan ilg‘or nazariy bilim va tajribalarini amaliyotga joriy etishi hamda xizmat bo‘yicha o‘sishiga zarur sharoitlar yaratib borishga tegishli vazirlik, idora, iqtisodiyot tarmoqlarining strategik korxonalari va boshqa ish beruvchi tashkilotlar rahbarlari mas’ul hisoblanadi. Mazkur jarayonlar Agentlik tomonidan muvofiqlashtiriladi va monitoring qilib boriladi. 

– Bugungi учрашувларда “El-yurt umidi” jamg‘armasi mas’ul xodimlari tomonidan Prezident farmonida belgilangan yangi vazifalar va yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ochiq stipendiya tanlovlari o‘tkazish tartibi va nomzodlarga qo‘yiladigan talablar tushuntirildi, – deydi “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendianti sifatida Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti aspirantura bitiruvchisi – Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti “Muhandislik mexanikasi” kafedrasi dotsenti Akbarjon Normurodov. – Jamg‘arma xodimlari va stipendiatlari bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotlar, mahorat darslari va motivatsion uchrashuvlar yoshlarga dunyoning nufuzli oliygohlariga yo‘l barcha uchun yashash joyi, ijtimoiy mavqei yoki oilasining daromad darajasidan qat’iy nazar ochiqligini ko‘rsatdi.

Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, 2018-2025 yillarda “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan 2 ming 300 nafarga yaqin stipendiatlar 45 ga yaqin davlatga o‘qishga yuborilgan. Hozirgacha ularning 1 ming 400 nafarga yaqini yurtimizga qaytib, iqtisodiyot tarmoqlarida, ta’lim, fan, tibbiyot va davlat boshqaruvida ishlamoqda. Bugungi kunda 700 nafarga yaqin stipendiat “TOP-300” talikdagi nufuzli universitetlarda ta’lim olyapti.

Uchrashuvlarda nomzodlarga hujjat topshirish jarayonida yanada qulay shart-sharoit yaratish maqsadida Jamg‘arma tomonidan onlayn platforma ishga tushirilgani va boshqa imkoniyatlar haqida zarur ma’lumotlar hamda tavsiyalar berildi.

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA