English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Istiqbolli kadrlar seleksiyasi bo‘yicha Farg‘ona tajribasi yaratiladi
19:33 / 2021-01-18

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida olimdan to dehqongacha, oddiy ishchidan to ziyolilargacha – barcha qatlamning, kattayu kichikning ko‘nglidagi gaplar aks etganligi bois turli davralarda hamon suhbatlarning bosh mavzusi bo‘lib turibdi.

Ayniqsa, unda belgilab berilgan ustuvor vazifalar Vatanimiz taraqqiyotini ta’minlash hamda xalqimiz turmush farovonligini oshirishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Davlat boshqaruvi idoralari faoliyatini tubdan takomillashtirish, ularning hududiy masalalarni hal qilishdagi mas’uliyat va javobgarligini kuchaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi. Bu ishlar davlat xizmatchilari zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Haqiqatan, rahbarlarning ko‘p vaqti natijasiz majlislar o‘tkazishga sovurilib, joylardagi muammolar esa qolib ketyapti. Shu bois mazkur masalalar bugun kun tartibidan o‘rin oldi.

Islohotlarni amalga oshirish, xususan, Murojaatnomadagi vazifalarning ijrosini ta’minlashda fuqarolik davlat xizmatining muhim o‘rni bor. Bu borada korrupsiyaga murosasizlikka e’tibor qaratilib, davlat xizmatchilarini ishga qabul qilishda inson omili keskin kamaytirildi. Kadrlarning kasbga oid sifatlarini va alohida xizmatlarini odilona hamda ob’ektiv baholash asosida eng munosib va qobiliyatlilarini davlat fuqarolik xizmatiga ishga qabul qilishda, shuningdek, ularning xizmat pog‘onalari bo‘yicha ko‘tarilib borishini ta’minlovchi meritokratiya tamoyili keng joriy etilmoqda.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali tomonidan o‘tgan yilda tajriba tariqasida 4 ta davlat organlari va tashkilotlaridagi mavjud bo‘sh (vakant) lavozimlarga ochiq mustaqil tanlovlar tashkil etildi. 27 ta vakant lavozimlar uchun tanlovlar e’lon qilinib, shaffoflik asosida salohiyatli kadrlar tanlab olindi. 35 ta hududiy davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining son va sifat tahlili NR-metrika texnologiyasi bo‘yicha tahlil qilindi. Viloyatdagi sektor rahbarlari faoliyatini 15 ta indikator ko‘rsatkichli reyting baholash tizimi bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Inson resurslari va kadrlar salohiyatini rivojlantirish borasida Farg‘ona viloyati pasporti ishlab chiqildi. Shuningdek, tuman –shahar hokim o‘rinbosarlari faoliyatini baholash bo‘yicha o‘rnatilgan eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari yuzasidan 105 nafar hokim o‘rinbosarlari bilan so‘rovnoma o‘tkazildi. Aholining mahalliy ijroiya hokimiyati organlari rahbarlarining yillik faoliyatidan qoniqish darajasini hisobga olgan holda baholash yuzasidan ham fuqarolar bilan so‘rovnoma tashkil etildi.

Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilida davlat fuqarolik xizmatida mehnat qilayotgan yoshlarga yanada e’tibor kuchaytiriladi. Bu bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilab olganmiz.

Hozirda viloyatdagi 10 ta oliy ta’lim muassasalari kesimida davlat fuqarolik xizmatiga iqtidorli yosh talabalar, magistrantlar va yosh ilmiy tadqiqotchilar orasidan zaxira bazasi shakllantirildi. Shuningdek, istiqbolli kadrlar seleksiyasi bo‘yicha Farg‘ona tajribasi loyihasi doirasida taqdimot tayyorlandi. Hozirda yoshlar tashkilotlari bilan hamkorlikda “Liderlar maktabi”ni tashkil etish xususida ish olib bormoqdamiz. Iqtidorli bitiruvchi yoshlarni “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali yetakchi xorijiy oliy o‘quv yurtlarining magistratura va doktoranturasida o‘qishga yuborishni rejalashtirganmiz.

Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining bugungi davrida iste’dodli, bilimli, yuksak salohiyatli kadrlarning katta roli va o‘rni bor. Shu bois ham Prezidentimizning Murojaatnomasidagi vazifa va maqsadlarni amalga oshirishda bor kuch-g‘ayratimizni safarbar etib, el koriga kamarbasta bo‘lamiz.

Saidfarruh Islomov,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi

Farg‘ona viloyati filiali rahbari.

O‘zA