Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Navoiy viloyat filiali tomonidan kadrlarning boshqaruv va kasbiy faoliyatiga oid bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan o‘quv-seminar tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan davlat fuqarolik xizmati sohasidagi kadrlarni tayyorlash, shuningdek, davlat fuqarolik xizmatchilarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, yangi kompetensiyalarni o‘rgatish vazifalari belgilab berilgan.

Mashg‘ulotlarda bugungi kun rahbar xodimlarning shaxsiy rivojlanish va ish samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
– O‘quvlar davomida samarali boshqaruv qarorlarini qabul qilish kabi bugungi kun rahbarlari uchun zarur ko‘nikmalarni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi,– deydi filial bosh inspektori Akmal Shakarov. – O‘quv mashg‘ulotlarida “Jamoani shakllantirish va jamoa bilan ishlash”, “Mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (EMSK) KPI asosida baholash”, “Raqamli iqtisodiyot sharoitida hudud va tarmoqlarni raqamli transformatsiya qilish” “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, va kambag‘allikni qisqartirishning samarali yo‘llari”, “Taym-menejment: vaqtdan unumli foydalanish” kabi mavzularda so‘z yuritildi.

Seminar davomida tinglovchilar faoliyat samaradorligiga erishishga oid nazariy ma’lumotlarni amaliy mashg‘ulotlarda mustahkamladi.


A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri