Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Istiqbolli hamkorlikning yuksak samarasi
17:24 / 2016-05-21

Surg‘il (Qoraqalpog‘iston Respublikasi), 21-may. Bugun bu yerda Surg‘il koni negizida barpo etilgan Ustyurt gaz-kimyo majmuasi qurilishi yakunlanishi va uning ishga tushirilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.

Surg‘il (Qoraqalpog‘iston Respublikasi), 21-may. Bugun bu yerda Surg‘il koni negizida barpo etilgan Ustyurt gaz-kimyo majmuasi qurilishi yakunlanishi va uning ishga tushirilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.

Marosimda O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalar qatori neft-gaz va kimyo sanoatida ham izchil rivojlanib borayotgani, bunda ikki davlat rahbarlari uchrashuvlari chog‘ida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi. Prezident Pak Kin Xening 2014-yil iyun oyida O‘zbekiston Respublikasiga, Prezident Islom Karimovning 2015-yil may oyida Koreya Respublikasiga davlat tashriflari o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tardi.

Prezidentimiz rahnamoligida iqtisodiyotimizni diversifikatsiya qilish va modernizatsiyalash, yuqori texnologiyali va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish borasida ulkan muvaffaqiyatlarga erishildi. Uglevodorod zaxiralarini chuqur qayta ishlashga ixtisoslashgan majmualarni barpo etishga qaratilgan strategiya samarasida mamlakatimizda ilg‘or texnologiyalarga asoslangan neft va gaz kimyosi sanoati shakllantirildi. Bugungi kunda ushbu soha jadal rivojlanmoqda.

Neft-gaz sohasida nafaqat qazib olish va xomashyo eksport qilish hajmini oshirish, balki ularni qayta ishlashdan olinadigan mahsulotlar turini ko‘paytirishga ham alohida ahamiyat berilmoqda. Mamlakatimizda makroiqtisodiy barqarorlik ta’minlangan. Buning samarasida eng rivojlangan davlatlar, nufuzli moliya muassasalari O‘zbekiston bilan hamkorlik qilmoqda, yirik majmualar, yangi-yangi zamonaviy korxonalar bunyod etilmoqda.

Koreya Respublikasi O‘zbekistonning strategik sheriklaridan, asosiy investitsiyaviy va texnologik hamkorlaridan biri. Ikki davlat Prezidentlarining muntazamlik kasb etgan muloqotlari samarasida o‘zaro hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda. Janubiy Koreya ishbilarmonlarining faol ishtirokida iqtisodiyotimizning turli yo‘nalishlarida, jumladan, neft-gaz sohasida ko‘plab strategik loyihalar amalga oshirilmoqda. Koreya Respublikasi kompaniyalari mamlakatimizning turli mintaqalarida geologiya-razvedka ishlarini amalga oshirish, uglevodorod konlarini aniqlash va o‘zlashtirish borasida samarali hamkorlik qilib kelmoqda.

Surg‘il koni negizida bunyod etilgan Ustyurt gaz-kimyo majmuasi O‘zbekiston va Janubiy Koreya hamkorligining yorqin namunasidir. Uning qurilishi davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangan mamlakatimiz sanoatini keng ko‘lamli modernizatsiya qilish dasturi doirasida amalga oshirildi. Bu neft-kimyo sohasida nafaqat O‘zbekiston, balki MDH hududida uzoq muddatli moliyalashtirish asosida hayotga tatbiq etilgan dastlabki keng ko‘lamli loyihadir.

Koreya Respublikasi Bosh vaziri Xvan Gyo An O‘zbekiston Janubiy Koreyaning Markaziy Osiyodagi asosiy sherigi va strategik hamkori ekanini alohida ta’kidladi. Koreya Respublikasi O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy sohalardagi aloqalarni yanada taraqqiy ettirishga ustuvor ahamiyat berishini, Ustyurt gaz-kimyo majmuasining muvaffaqiyatli ishga tushirilgani neft-gaz va kimyo sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishini qayd etdi.

– Prezident Islom Karimov rahnamoligida O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yetakchi mamlakatga aylandi, – dedi Xvan Gyo An. – O‘zbekistonning jahon miqyosidagi nufuzi yuksalib bormoqda. Mamlakatingizda yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’atlari so‘nggi o‘n bir yilda 8 foizdan yuqori bo‘layotgani, iqtisodiyotni modernizatsiya qilishga oid dasturlar hayotga izchil tatbiq etilayotgani e’tiborga molik. Ustyurt gaz-kimyo majmuasi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlikning yorqin namunasidir.

Ustyurt gaz-kimyo majmuasi dunyodagi eng yirik loyihalardan biri. Mazkur majmua nufuzli xalqaro nashrlar tomonidan yuksak e’tirof etilgan. Xususan, “Project Finance International” xalqaro nashri ushbu majmuani qurish loyihasining loyihaviy moliyalash bitimini neft-kimyo va gaz-kimyo sektoridagi 2012-yilning eng yaxshi loyihasi, deb e’tirof etgan. U “Trade Finance Magazine” va “Global Trade Review” nashrlarining “2012-yilning eng yaxshi bitimi” xalqaro mukofotlariga sazovor bo‘lgan.

2014-yil 13-martda yana bir nufuzli xalqaro nashr – “Infrastructure Journal” ushbu gaz-kimyo majmuasi qurilishi loyihasini “Neft-gaz sohasidagi 2014-yilning global bitimi” nufuzli mukofoti bilan taqdirladi.

Umumiy qiymati 4 milliard dollarlik ushbu loyihaning amalga oshirilishi yiliga 4,5 milliard kub metr tabiiy gazni qayta ishlash hisobidan 3,7 milliard kub metr gaz, 387 ming tonna polietilen, 83 ming tonna polipropilen, 102 ming tonna piroliz distillyati va boshqa qimmatbaho mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini beradi.

13 (1).JPG

– Mazkur yirik majmuani barpo etishga o‘z hissamizni qo‘shganimizdan g‘oyat mamnunmiz va bu bilan faxrlanamiz, – deydi Ustyurt gaz-kimyo majmuasining loyiha direktori, “Hyundai Engineering” kompaniyasi vakili Kim Van Su. – O‘zbekiston ulkan intellektual salohiyatga ega mamlakat ekanini alohida ta’kidlashni istardim. Prezident Islom Karimovning yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga qaratayotgan alohida e’tibori mazkur majmuaning qurilishida astoydil mehnat qilgan o‘zbekistonlik professional yosh mutaxassislar faoliyatida ham yaqqol namoyon bo‘ldi. Kelgusida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada taraqqiy ettirish, qo‘shma loyihalarimiz ko‘lamini kengaytirish niyatidamiz.

– O‘zbekistonda samarali faoliyat yuritish uchun yaratilgan qulay sharoit, imtiyoz va kafolatlar tizimi mamlakatingizga sarmoya kiritishni kengaytirishda muhim omil bo‘lmoqda, – deydi “Lotte Group” kompaniyasi raisi Shin Don Bin. – Ko‘plab xalqaro moliya institutlari, nufuzli firma va kompaniyalar bu yerda qator yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirayotgani buning dalilidir. Surg‘il konida barpo etilgan mazkur majmua bunga yorqin misol bo‘la oladi. Prezident Islom Karimov mazkur loyihani amalga oshirish ishlarini har bir bosqichda qo‘llab-quvvatlagani, mamlakatlarimizning mustahkam hamkorligi uning qurilishini o‘z vaqtida yakunlash imkonini berdi. Ustyurt gaz-kimyo majmuasining samarali faoliyati O‘zbekiston neft-gaz va kimyo sanoatini yanada taraqqiy ettirishga, o‘zaro munosabatlarimizni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga ulkan hissa qo‘shadi. Bu loyihani amalga oshirishda bizni yaqindan qo‘llab-quvvatlagani uchun O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi Prezidentlariga samimiy minnatdorlik bildiramiz.

– Prezident Islom Karimov rahnamoligida O‘zbekiston iqtisodiyoti izchil taraqqiy etmoqda, – deydi “Kogas” kompaniyasi prezidenti Li Syong Xun. – Mamlakatingiz bilan ko‘p yillardan buyon turli yo‘nalishlarda samarali hamkorlik qilib kelmoqdamiz. Ustyurt gaz-kimyo majmuasi ulardan biri. Kelgusida o‘zaro aloqalarni yanada faollashtirish, yangi qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish tarafdorimiz.

Qurilishi 2012-yilda boshlangan Ustyurt gaz-kimyo majmuasida gazni taqsimlaydigan, etilen, polietilen, polipropilen ishlab chiqaradigan va energiya manbalari bilan ta’minlaydigan jami beshta zavod, shuningdek, zamonaviy infratuzilma obyektlari barpo etilgan. Ular dunyodagi eng zamonaviy yuqori texnologiyalar bilan ta’minlangan, eng so‘nggi rusumdagi uskunalar o‘rnatilgan. Majmuada 1300 ga yaqin mutaxassis faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning uch yuzdan ziyodi kollej bitiruvchilaridir.

– Davlatimiz rahbarining yoshlar bizning bugungi va ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchidir, degan so‘zlari bizga doimo qanot, kuch bag‘ishlaydi, – deydi Ustyurt gaz-kimyo majmuasining polietilen ishlab chiqarish sexi operatori Azizbek Kaliyev. – Biz, yoshlarga bildirilayotgan bunday ishonch va yaratilayotgan sharoitlar, e’tibor va g‘amxo‘rlik faol ish yuritishimizda kuch-g‘ayrat bag‘ishlab, yangi marralarni egallashga chorlaydi. Kollejni bitirgach, ushbu gaz-kimyo majmuasiga ishga qabul qilindim. Bunday g‘oyat yirik tashkilotda mehnat qilish katta sharaf. Ushbu majmuada samarali ishlashimiz, bo‘sh vaqtimizni mazmunli o‘tkazishimiz uchun barcha sharoit yaratilgan.

Ustyurt gaz-kimyo majmuasida mahsulot ishlab chiqarish jarayoni sinov tariqasida o‘tgan yili boshlangan edi. 2015-yilda 54,9 ming tonnadan ziyod suyultirilgan uglevodorod gazi, 34 ming tonnadan ortiq gaz kondensati ishlab chiqarildi. Magistral gaz quvurlariga 1,8 milliard kub metrdan ortiq etan va gaz, “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati energiya tizimiga 87,5 ming megavattdan ziyod elektr energiyasi yetkazib berildi. Ayni paytda piroliz distillyati Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga benzin tayyorlash uchun yuborilmoqda. Polietilen va polipropilen qator xorijiy davlatlarga eksport qilinmoqda. Shu kunga qadar qariyb 150 million dollarlik 186 ming tonnadan ortiq polietilen va polipropilen Markaziy va Sharqiy Osiyo, MDH va Yevropa mamlakatlariga jo‘natildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2020-yilga borib polietilen ishlab chiqarish hajmi 4,1 barobar oshadi.

Muxtasar aytganda, Ustyurt gaz-kimyo majmuasi mamlakatimizda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga, pirovardida aholi turmush darajasining yanada yuksalishiga xizmat qiladi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev, Koreya Respublikasi Bosh vaziri Xvan Gyo An so‘zga chiqdi.