Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Istiqbolli hamkorlik samarasi: Zarafshon daryosida ikkita GES quriladi
19:02 / 2022-06-08

Tojikiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 2-3 iyun kunlari mamlakatimizga rasmiy tashrifi doirasida Zarafshon daryosida Yavan gidroelektr stansiyasi qurilishini boshlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Emomali Rahmon ramziy tugmani bosib, qurilishga start berdilar.

140 megavatt quvvatga ega ushbu zamonaviy stansiya mamlakatlar energetik xavfsizligi, suv va qishloq xo‘jaligi barqarorligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.

– Zarafshon daryosida ikkita GES qurish va undan foydalanishni texnik-iqtisodiy baholash bo‘yicha davlatlarimiz o‘rtasida o‘zaro kelishuvga erishilgan bo‘lib, gidroelektr stansiyalar qurilishi ikki bosqichda amalga oshiriladi, – deydi “Samarqand magistral elektr tarmoqlari” filiali boshlig‘i Mahmud Pardayev. – Birinchi bosqichda yiliga o‘rtacha 832 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi, loyiha qiymati 282 million dollarga teng bo‘lgan Yavan gidroelektr stansiyasini qurish ishlari bajariladi. Mazkur loyiha uchun sarflangan mablag‘ 15 yilda qoplanadi va stansiya 40-50 yil davomida uzluksiz ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ikkinchi bosqichda yiliga o‘rtacha 560 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi, quvvati 135 megavattga va loyiha qiymati 270 million dollarga teng Fandaryo gidroelektr stansiyasi quriladi. Mazkur stansiyalarda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi teng asosda O‘zbekiston va Tojikistonga yo‘naltiriladi. Bu 600 mingdan ortiq xonadonning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish imkonini beradi.

Yangi GESlarning qurilishi doirasida 3 mingga yaqin mavsumiy, ishga tushirilishi natijasida esa 200 dan ortiq doimiy ish o‘rni yaratiladi. Loyihalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan moliyalashtiriladi. Gidroinshootlar qurilishini amalga oshirish uchun aksiyadorlik jamiyati shaklidagi “TaUz HIDRO” qo‘shma korxonasi tashkil etildi. bugungi kunda tomonlar loyihadan oldingi izlanish ishlarini moliyalashtirish va loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlash uchun xalqaro moliya institutlarining grant mablag‘larini jalb etish choralarini ko‘rmoqda.

“TaUz HIDRO” qo‘shma korxonasi qurilishi rejalashtirilgan GESlarning texnik topshiriqlarini ishlab chiqadi va loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlashda xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb etadi. Shuningdek, muhandislik ishlari to‘liq zamonaviy standartlar asosida, ilg‘or xorijiy kompaniyalar ishtirokida olib boriladi. Loyiha xalqaro moliya tashkilotlarining investitsiyalari hamda ta’sis qilinadigan qo‘shma korxona ustav jamg‘armasiga kiritiladigan tomonlarning o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. E’tiborlisi, loyihani moliyalashtirishga yetakchi xalqaro institutlar, shu jumladan, Osiyo taraqqiyot banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki qiziqish bildirgan.

Ushbu yangi gidroelektr stansiyalari ishga tushganidan so‘ng, Samarqand viloyati aholisi, shuningdek kichik va o‘rta biznes vakillari, yirik sanoat korxonalari iste’molchilarini sifatli uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida ayni paytda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi hududida qurilishi loyihalashtirilayotgan, 220 kV kuchlanishli “Mergancha” podstansiyasiga ulanadi. Yavan hamda Fandaryo gidroelektr stansiyasida ishlab chiqariladigan elektr quvvati Samarqand viloyati taraqqiyotiga muhim ahamiyat kasb etadi.

G‘.HASANOV, O‘zA