French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iste’molga yaroqsiz go‘sht olib ketayotgan haydovchilar to‘xtatib qolindi
19:29 / 2021-06-06

Keyingi yillarda yurtimizda chorvachilik sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgan bo‘lsada, aholini go‘sht bilan ta’minlashda veterinariya-sanitariya norma va qoidalariga to‘liq rioya qilmaslik natijasida xavfsizligi va sifati kafolatlanmagan go‘sht, go‘sht mahsulotlarini savdoga chiqarish holatlari uchramoqda.

Eng achinarlisi, uzluksiz ravishda tegishli soha xodimlari tomonidan reyd tadbirlari olib borilishiga qaramasdan bu kabi holatlar hanuzgacha davom etmoqda.

“Samarqand” YPX maskanida “Buxoro-Toshkent” yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan Buxoro viloyati Peshku tumanida yashovchi 1983 yilda tug‘ilgan N.H. boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtotransport vositasi Navoiy viloyati IIB PPX va JTSB Karantin tadbirlarini ta’minlash bo‘linmasi xodimlari tomonidan to‘xtatib tekshirilganda, avtomobil yukxonasida 105 kg. kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan yirik shoxli qoramol go‘shtini Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 8 maydagi “Ixtisoslashtirilgan so‘yish korxonalari faoliyatini tartibga solish, iste’mol bozoriga go‘sht va go‘sht mahsulotlarini yetkazib berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori talablarini buzgan holda Toshkent shahriga sotish maqsadida olib ketayotganligi aniqlandi.

Yana bir holat. 4 iyun kunidan 5 iyun kuniga o‘tar kechasi soat 00:25 larda Navoiy viloyati Karmana tumanida joylashgan “Samarqand” YPX maskanida “Buxoro-Toshkent” yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan Buxoro viloyati Peshku tumanida yashovchi 1998 yilda tug‘ilgan O.A. boshqaruvidagi “ISUZU” rusumli avtotransport vositasi Navoiy viloyati IIB PPX va JTSB Karantin tadbirlarini ta’minlash bo‘linmasi xodimlari tomonidan to‘xtatib tekshirilganda, avtomobil yukxonasida 160 kg. kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan yirik shoxli qoramol go‘shti, 200 dona yirik shoxli qoramolning kallalari hamda 12 ta qopda 1500 kg. bo‘lgan tovuq go‘shti, jami 3 tonnaga yaqin chorvachilik mahsulotlarini olib ketayotganligi aniqlangan.

Ushbu olib ketilayotgan mahsulotlarning sifatiga aniqlik kiritish maqsadida viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi hamda mas’ul xodimlar tomonidan tekshirilganda, fuqaro ushbu go‘sht mahsulotlarini Vazirlar Mahkamasining 386-son qarori talablarini buzgan holda (veterinariya-sanitariya qoidalari talablariga zid ravishda) Toshkent shahriga sotish maqsadida olib ketayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Har ikkala holat yuzasidan fuqarolarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 109-moddasiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA