Iste’molchining talabi qondirildi
Buxoro viloyatida yashovchi fuqaro “S.G” ijtimoiy tarmoqda ko‘rgan reklama bo‘yicha do‘konga bog‘lanib, narxi 2 million 400 ming so‘mlik xashak maydalagich uskunasiga buyurtma bergan.
Buyurtma qabul qilinib, Buxoro viloyatiga yetkazib berildi. Oradan bir necha kun o‘tgandan so‘ng uskuna ishlamay qolgan.
Bu masala bo‘yicha fuqaro savdo mutaxassislariga xabar bergan. Biroq ijobiy javob olmaganligi sababli Qoraqalpog‘iston Respublikasi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining ishonch telefoniga murojaat qilishga majbur bo‘ldi.
Mazkur murojaat bo‘yicha To‘rtko‘l tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tumandagi savdo do‘koni rahbari va xodimlari bilan bog‘lanib, murojaat bo‘yicha o‘rganish ishlarini olib bordi va tushuntirish ishlaridan so‘ng iste’molchining 2 million 400 ming so‘m puli qaytarib berilishiga erishildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.