Iste’molchining qoidabuzarligi bo‘yicha 3,87 milliard so‘mlik dalolatnoma rasmiylashtirildi
Energiya resurslaridan samarali foydalanish va ularni talon-toroj qilishga chek qo‘yish maqsadida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan hududlarda tizimli tarzda profilaktik reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Navbatdagi tekshiruv Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida olib borildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tumanning Korisquduq mahallasida yashovchi fuqaro A.D. ga tegishli xonadonda elektr energiyasidan shartnoma rasmiylashtirmasdan foydalanib kelingani aniqlangan. Iste’molchi o‘zboshimchalik bilan elektr tarmog‘iga qo‘shimcha uskunalarni noqonuniy ulab, belgilanmagan tarzda energiya iste’mol qilib kelgan.
Energetika vazirligiga ko‘ra, tekshiruv natijasida mazkur qoidabuzarlik bo‘yicha 3,87 milliard so‘mlik dalolatnoma rasmiylashtirilgan. Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA