French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iste’molchilarning buzilgan huquqlari tiklandi
12:38 / 2026-02-24

Raqobat qo‘mitasi tomonidan fuqarolardan transport, savdo va kommunal xizmatlar sohalarida kelib tushayotgan murojaatlar tizimli ravishda o‘rganilib, iste’molchilarning buzilgan huquqlari tiklanmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent va Xorazm viloyatlarida avtomobil, maishiy texnika hamda kommunal xizmatlar bilan bog‘liq qator murojaatlar ijobiy hal etilgan. Jumladan, ayrim holatlarda fuqarolar shartnoma bekor qilinganiga qaramasdan o‘z mablag‘ini qaytarib ololmagan bo‘lsa, boshqa hududlarda nuqsonli avtomobillar yoki maishiy texnika almashtirilmagani uchun shikoyatlar bildirilgan.

Qo‘mita tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida avtomobil xaridi bo‘yicha tuzilgan shartnomalar bekor qilinib, to‘langan pul mablag‘lari fuqarolarga to‘liq qaytarib berildi. Shuningdek, kafolat doirasida nosoz chiqqan transport vositalari uchun ham iste’molchilar manfaati ta’minlandi. Ayrim holatlarda UzAuto Motors tomonidan nuqsonli avtomobillar uchun to‘langan mablag‘lar qaytarilishiga erishildi.

Maishiy texnika xaridi bo‘yicha ham qator muammolar hal etildi. Muzlatkich va boshqa tovarlar qisqa vaqt ichida nosoz holatga kelganiga qaramasdan almashtirilmagan holatlarda, hududiy boshqarmalar aralashuvi bilan iste’molchilarga to‘langan pullar to‘liq qaytarib berildi. Ayrim savdo do‘konlarida aksiya bahonasida narxlar asossiz oshirilgan holatlar ham bartaraf etildi.

Kommunal xizmatlar sohasida esa fuqarolarga asossiz hisoblangan millionlab so‘m qarzdorliklar qayta ko‘rib chiqildi. Xususan, gaz ta’minoti bilan bog‘liq holatda Hududgaz ta’minotiga nisbatan dalolatnomani bekor qilish va qayta hisob-kitob qilish bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berildi.

Raqobat qo‘mitasi tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida fuqarolarning moliyaviy manfaatlari himoya qilinib, iste’molchilar huquqlariga rioya etilishi ta’minlanmoqda. 

Nigora Rahmonova, O‘zA