Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iste’molchilarning 19 905 ta yoki 80.6 foiz murojaati hal etilgan
18:55 / 2023-03-15

Inson ehtiyoji har birimizni iste’molchiga aylantirgan. Shu bois iste’molchi huquqi va manfaati himoyasi butun dunyoda eng dolzarb masala sanaladi. Bugun, 15 mart – Jahon iste’molchi huquqini himoya qilish kuni.

Ma’lumotga ko‘ra, 1962 yil 15 mart kuni AQSHning o‘sha paytdagi Prezidenti Jon Kennedi Kongressdagi ma’ruzasida iste’molchining asosiy huquqlarini sanab o‘tgan. Ya’ni, insonda tanlash, xavfsizlik, axborot olish, eshitilish huquqi borligi va shu jihatlar himoya ostida bo‘lishi kerakligini aytib o‘tgan. Keyinchalik, bu huquqlar qatoriga ziyonni qoplatish, iste’molchilik ta’limi, asosiy ehtiyojlarning qondirilishi, sog‘lom atrof, tabiiy muhitga egalik ham kiritilgan. O‘shanda iste’molchi huquqi ilk bor shunday yuksak maqomda muhokama qilingan edi. Shundan so‘ng Birlashgan Millatlar Tashkiloti qaroriga binoan, Jahon Iste’molchi huquqini himoya qilish kuni nishonlana boshlagan.

Har yili mazkur sana doirasidagi tadbirlari Jahon iste’molchilar uyushmalari tashkiloti tomonidan tasdiqlangan muayyan mavzuga bag‘ishlanadi. Jumladan, 2023 yil bu kun “Toza energiya va mahsulotni iste’mol qilishga o‘tish orqali iste’molchining huquqi va imkoniyatini kengaytirish” shiori ostida o‘tmoqda.

Qayd etilishicha, mustaqil notijorat tashkilot – Jahon iste’molchilar uyushmalariga 1961 yilda asos solingan. Tuzilma 72 mamlakatdagi iste’molchi huquqini himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi 200 dan ko‘p jamoat va davlat tashkilotini birlashtiradi va butun dunyo bo‘ylab iste’molchi manfaatini himoya qiladi. Shu bilan birga ijtimoiy iste’molchilar harakati va umuman, iste’molchi huquqini himoya qilish tizimini rivojlantirishga yordam beradi. YUNESKO, BMT tuzilmalarida hamda iqtisodiy va ijtimoiy yo‘nalishdagi boshqa qator xalqaro tashkilotlarda ham iste’molchi manfaati muhofazaga olingan.

Mamlakatimizda Jahon iste’molchi huquqini himoya qilish kuni 1996 yil 26 aprel – O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingandan boshlab nishonlab kelinmoqda.

Ushbu sana munosabati bilan har yili Raqobatni rivojlantirish va iste’molchi huquqini himoya qilish qo‘mitasi xodimlari tomonidan o‘quv seminarlari tashkil etilib,  o‘quvchi-yoshlarga iste’molchi huquqi haqida tushuncha beriladi. Eng ko‘p uchraydigan salbiy holatlari bo‘yicha ma’lumot taqdim etiladi. Bundan ko‘zlangan maqsad aholining huquqiy savodxonligini oshirishdir.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, qo‘mita tomonidan 2023 yilning o‘tgan davri mobaynida iste’molchi huquqini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasida qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, murojaatga asosan, 3 ming ikki yuzdan ziyod iste’molchiga yetkazilgan zarar – 60 milliard 609 million 900 ming so‘m mablag‘ qoplanib, qayta hisob-kitob qilinishi natijasida iste’molchiga qaytarildi.

– O‘tgan yil iste’molchilar tomonidan o‘z huquqi va manfaati buzilishi holati yuzasidan qo‘mita va hududiy  boshqarmalarga jami 25 644  murojaat kiritilgan, – deydi Qo‘mita Axborot xizmati boshlig‘i Olimjon Hasanov. – Mazkur murojaatlarning 19 905 tasi yoki 80,6 foizi ijobiy hal etilgan bo‘lib, 3 886 tasi bo‘yicha tegishli ravishda tushuntirish berilgan. Murojaatlarni o‘rganish asnosida 83 960 nafar iste’molchining huquqi buzilgani, ularga 17.8 milliard so‘mdan ziyod zarar yetkazilgani aniqlangan.

Xususan, savdo va umumiy ovqatlanish sohasida huquqi buzilgan iste’molchilarga 5,3 milliard so‘m naqd pul ko‘rinishida qayta hisob-kitob qilinishi, shuningdek, 466 nafar iste’molchiga 2 milliard so‘m qiymatga ega tovar qaytarib berilishi ta’minlangan.

Tovar (ish, xizmat) xavfsizligi va sifatini nazorat qilish maqsadida tasdiqlangan reja-jadval asosida muntazam ravishda chakana savdoda tovar nazorat xaridini va ekspertizasini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Shunga ko‘ra, jami 242 nom (50 tur)dagi mahsulotning nazorat xaridi amalga oshirildi. Tovarlar ekspertizadan o‘tkazilishi natijasida 51 nom (12 tur)dagi mahsulot normativ-texnik hujjat talabiga javob bermasligi aniqlangan. Mazkur holatlar yuzasidan tegishli chora ko‘rish uchun tegishli hujjatlar Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi va Texnik jihatdan tartibga solish agentligiga yuborilgan.

Tan olish kerak, iste’molga yaroqsiz, biror kamchiligi bor mahsulot yoki xizmatga duch kelsak, iste’molchi madaniyati yetishmasligi yoxud boshqa qandaydir sabab tufayli mutasaddi tashkilotlarga vaqtida murojaat qilmaymiz. Aslida, jamiyatda iste’mol madaniyatini yuksaltirish, to‘g‘ri xarid qobiliyatini shakllantirish juda dolzarb masala. Agar iste’molchi huquqi buzilishi holati kuzatilsa, darhol 1159 raqamli ishonch telefoni orqali qo‘mitaga murojaat qilish zarur. Shunda soha mutaxassislari jarayonni batafsil o‘rganib chiqishi natijasida muayyan noxushliklar oldi olinadi. Qolaversa, bozorlarimizdagi mahsulot va xizmat sifati yaxshilanadi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA