Bugungi kunda yurtimizning barcha hududlarida tabiiy gazdan oqilona foydalanish va ortiqcha sarfni kamaytirish maqsadida aholi xonadonlarining qozonxonalaridagi (ma’nan eskirgan, qo‘lbola) yondirgichlar (gorelkalar) zamonaviy issiqlikni avtomatik ravishda boshqaruvchi va xavfsizlik avtomatikasi bilan jihozlangan gaz yondirgichlarga almashtirilmoqda.
Bu kabi tadbirlar Prezidentimizning 2019 yil 22 avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga asosan amalga oshirilmoqda.
Mazkur qaror talablaridan kelib chiqqan holda “Xatirchitumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan ham bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
– “Xatirchitumangaz” gaz ta’minoti filialining servis xizmati bo‘limi tomonidan 70 mahalladagi aholi xonadonlari uy ichi gaz jihozlariga xizmat ko‘rsatiladi, – deydi bo‘lim boshlig‘i Farhod Narzullayev. – Joriy yilning 6 oyi mobaynida tabiiy gaz bo‘yicha 2474 aholi xonadonlaridagi jihozlarga texnik xizmat va 1763 tasiga esa profilaktik xizmat ko‘rsatildi. Shuningdek, 2236 aholi xonadonlariga energotejamkor gorelkalar o‘rnatildi.
Tumanning “Guliston” mahallasida 525 xonadon bo‘lib, uy ichi gaz jihozlari soni 1550 ni tashkil qiladi. Mazkur mahallada ham energiya tejamkor gaz yondirgichlarni o‘rnatish bo‘yicha doimiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazib kelinadi. Mahalladagi 60 xonadonga energiya tejamkor gorelkalar o‘rnatilgan.
“Xatirchitumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi uy ichi gaz jihozlariga xizmat ko‘rsatish bo‘limi xodimlari tomonidan joylarda targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, energiya tejamkor gaz yondirgichlarning afzalliklari keng tushuntirilmoqda. Targ‘ibot tadbirlarida energiya tejamkor gorelkalarning gaz sarfi, ma’nan eskirgan uskunalardan xavfsiz, is gazi chiqmasligi hamda hamyonbopligi bilan qulayligiga alohida e’tibor qaratilyapti.
A.Bo‘riyev, O‘zA