Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda qayd etilishicha, joriy yilda suv tejaydigan texnologiyalarni yirik suv uzatish va suv chiqarish tarmoqlarining bosh qismida “Bir kanal – bir tizim” tamoyili asosida 230 ming gektarda, shu jumladan, 160 ming gektar maydonda tomchilatib sug‘orish, 28 ming gektar maydonda yomg‘irlatib, 2 ming gektarda diskretli sug‘orish hamda 218 ming gektar ekin maydonlarini lazerli uskuna yordamida tekislash bo‘yicha manzilli ro‘yxatlar shakllantirilgan.

Hozirda jami 2 ming 866 ta qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarining 94 ming gektar maydonida, jumladan, 2 ming 391 ta talabgorning 82,5 ming gektar maydonida – tomchilatib sug‘orish, 475 ta talabgorning 11,5 ming gektar maydonida – yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish bo‘yicha qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda.
Respublikada suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari uskunalari va butlovchi qismlarini mahalliy sharoitda ishlab chiqarish sanoati kengayib, ularning soni 45 taga yetkazildi. Bu esa, butlovchi qismlarning tannarxini xorijdan tashish xarajatlarini tejash hisobiga 15-20 foizgacha pasaytirish yoki gektariga 5-7 million so‘mga arzonlashtirish imkonini bermoqda.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari uchun axborot almashinuvining shaffof mexanizmini yo‘lga qo‘yish maqsadida “Tomchi-reyestr” yagona elektron reyestri ishlab chiqilib, ishga tushirildi. bugungi kunda 200 dan ortiq korxona ushbu platformaga tegishli hujjatlarni onlayn shaklda kiritgan.
Shuningdek, subsidiyalar berish yuzasidan tegishli materiallarni to‘plash, ko‘rib chiqish hamda vakolatli organ va tashkilotlar bilan kelishishning “Agro-subsidiya” yagona axborot tizimi joriy etilib, amaliyotga tatbiq etildi. 2022 yildan boshlab suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan ishlab chiqaruvchilarga subsidiyalar ushbu tizim orqali ajratiladi.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, suv xo‘jaligining maxsus xizmati tomonidan respublika bo‘yicha 3 million 409 ming gektar maydonga xizmat ko‘rsatib kelinmoqda. bugungi kungacha iste’molchilarga suv yetkazib berish bo‘yicha 73 ming 349 ta shartnoma tuzilgan. Respublika bo‘yicha Suv xo‘jaligining maxsus xizmatlari tomonidan 303 milliard 801 million so‘mlik biznes rejalar ishlab chiqilgan bo‘lib, joriy yil 10 iyun holatida iste’molchilarga 57 milliard 295 million so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilgan. Suv xo‘jaligi maxsus xizmatiga 7 milliard 254 million so‘mlik mablag‘lar to‘lab berilgan.

2022 yil aprel-may oylari davomida suv iste’molchilariga qariyb 6 milliard 268 million kub metr suv yetkazib berilgan bo‘lib, yetkazib berilgan suv uchun iste’molchilar bilan aprel oyida 73 ming 349 ta, may oyida 71 ming 554 ta dalolatnoma rasmiylashtirilgan.
Bu esa o‘z o‘rnida 73 ming 349 ta iste’molchi olgan suvning hisob-kitobi yuritilayotganidan dalolat beradi va yil yakuni bilan soliq idoralariga iste’molchilarning qancha suv olganligi to‘g‘risida aniq ma’lumotlar shakllanishiga imkoniyat yaratiladi. Shu bilan birga, joylardagi maxsus xizmatlar bilan suv iste’molchilari o‘rtasida 68 ming 194 ta kundalik hisob jurnallari yuritilishi yo‘lga qo‘yildi.
Iste’molchilar o‘rtasida suvning aniq hisob-kitobi yuritilishini ta’minlash maqsadida shu kunga qadar 24 ming 165 ta iste’molchining suv olish quloqlari jihozlangan. Bu ishlar bugungi kunda davom ettirilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA