Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iste’molchilar jamiyati: aholi murojaatlari ijobiy hal etilmoqda
11:00 / 2023-11-27

Fuqarolarning manfaatlarini ta’minlash, oldi-sotdi munosabatlarda huquqlarni tiklash O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Namangan viloyati hududiy birlashmasi hamda uning shahar va tuman bo‘limlari faoliyatida ustuvorlik kasb etmoqda.

Jumladan, To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaro M.I. yangi uy sotib olish uchun “Dilmurod mega Fayz” mas’uliyati cheklangan jamiyat bilan shartnoma tuzgan va 65 million so‘m boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirgan.  Shartnomada kelishilgan vaqtda uy qurib bitkazilmaganligi sababli, fuqaro to‘langan mablag‘ni qaytarib berishni talab qilgan, ammo mulkchilik sub’ekti pullarni qaytarmagan. Holat yuzasidan tegishli tartibda sudga da’vo arizasi kiritildi. Natijada, MCHJdan fuqaro foydasiga 65 million so‘m moddiy zarar, davlat foydasiga 2 million 600 ming so‘m davlat boji undirishga erishildi.  

***  

Jamiyatning Uychi tumani bo‘limi tomonidan esa tumandagi Axsi mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaroning uyali aloqa savdosi bilan bog‘liq muammosini hal etishga ko‘maklashildi. Murojaatga ko‘ra, fuqaro tuman markazida joylashgan “Ishonch” kredit savdo do‘konidan muddatli to‘lov asosida “Samsung A-51” telefonini xarid qilgan. Ammo ushbu mobil qurilma nosozligi sababli, savdo do‘koni xodimlaridan telefonni sifatlisiga almashtirib berishlarini so‘ragan. Do‘kon xodimlari esa iste’molchi talablarini rad etgan.  

Ushbu holat bo‘yicha iste’molchilar jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi. Natijada, kredit savdo do‘koni bilan tuzilgan shartnoma jamiyat aralashuvi bilan bekor qilindi.  

***  

Norin tumani O‘zbekiston mahallasi, Ulug‘bek ko‘chasida yashovchi fuqaro Y.F. tomonidan jamiyatga yo‘llangan nosoz tibbiy uskunani yangisiga almashtirish bilan bog‘liq murojaati Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati Norin tumani bo‘limi tomonidan ijobiy hal etildi.  

Murojaat mazmunida keltirilishicha, fuqaro Haqqulobod shahri markazida joylashgan dorixonalarning biridan 360 ming so‘mga apparat xarid qilgan. Biroq mazkur tibbiy uskunada nuqson aniqlangan. Jamiyat mutaxassislari murojaatni ko‘rib chiqishdi hamda iste’molchining nosoz apparati yangisiga almashtirib berildi.  

***  

Namangan shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Chust tumanida yashovchi fuqaro F.I. tomonidan dorixonada dori savdosi bilan bog‘liq masalada murojaat yo‘llandi. Unga ko‘ra, fuqaro Namangan shahridagi “Dorixona+imzo med” mas’uliyati cheklangan jamiyatga qarashli dorixonadan umumiy qiymati 5 million 88 ming so‘m dori-darmon vositalarini xarid qilgan. Ammo shifokor retseptiga asosan dorilar ro‘yxati o‘zgargani sababli, xarid qilingan dori vositalarini retsept bo‘yicha almashtirib olish maqsadida dorixonaga murojaat qilgan. Dorixona ma’muriyatidan esa “Sotilgan dorilar qaytarib olinmaydi”, degan mazmunda javob olgan.  

Jamiyat mutaxassislari tomonidan holat bo‘yicha o‘rganish va tushuntirish ishlari olib borilishi tufayli iste’molchining 5 million 88 ming so‘mlik dori vositalari qaytarib olinib, retsept bo‘yicha almashtirib berilishi ta’minlandi.  

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.