English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iste’molchilar ichimlik suvi to‘lovidan 938,7 milliard so‘m qarz
16:30 / 2024-01-12

Mamlakatimizda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Respublikamiz aholisining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 77 foizdan oshgani buning isbotidir.

Aholini sifatli va uzluksiz tarzda ichimlik suvi bilan ta’minlash barobarida uning ortiqcha sarfini kamaytirish, aholida iste’mol madaniyatini yuksaltirishga ham alohida e’tibor qaratilgan.  

“O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati va uning hududiy suv ta’minoti korxonalari tomonidan ham iste’molchilar orasida to‘lov intizomini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, to‘lovlarni amalga oshirishda  iste’molchilar uchun qulay va zamonaviy to‘lov vositalaridan foydalanish imkoniyati yaratilgan.  

Shunga qaramasdan, respublikada iste’molchilarning debitor qarzdorligi bugungi kunda umumiy 938,7 milliard so‘mni tashkil etyapti. Bundan 757,3 milliard so‘m jismoniy iste’molchilar, 181,4 milliard so‘m qarzdorlik esa yuridik iste’molchilar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda shular haqida ma’lumot berildi.  

Ta’kidlanishicha, shu kunga qadar debitor qarzdorlikni qisqartirish bo‘yicha sudlarga jami 33,4 mingta da’vo arizasi kiritilgan.  

Shu bilan birga, sud qarori qabul qilingan 16,2 ming ijro varaqasi Majburiy ijro byurolariga taqdim etilib, 4,7 mingtasi bo‘yicha 16,2 milliard so‘mlik mablag‘ undirilgan.  

Qayd etilishicha, iste’molchilar ichimlik suvi ta’minoti va suv chiqarish xizmati uchun har oyning 10-sanasiga qadar 100 foiz oldindan haq to‘lashni amalga oshirishi lozim.  

Brifingda sohada aholining debitor qarzdorligi bilan bir qatorda ichimlik va oqova suv tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish va ulardan belgilangan  qonun-qoidalarga rioya qilmagan holda foydalanish holatlari ham ko‘p uchrayotgani haqida ma’lumot berildi.  

Jumladan, “O‘zsuvta’minot” AJ va hududiy korxonalari tomonidan o‘tgan davr mobaynida 76 ming yaqin reyd tadbiri o‘tkazilgan. Ushbu reydlar davomida 12,7 ming qoidabuzarlik holati aniqlangan bo‘lib, jami 80,6 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan.  

8,7 ming holatda iste’molchilar tomonidan suv o‘lchagichdan foydalanish qoidalariga rioya qilinmagan bo‘lib, 34,9 milliard so‘m zarar yetkazilgani aniqlangan.  

Qayd etilishicha, aniqlangan qoidabuzarliklarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilgan. 5,2 ming iste’molchi tegishli tartibda tarmoqdan uzilgan.  

Nilufar Bozorova, O‘zA muxbiri