Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozori bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirildi?
17:06 / 2021-03-15

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 11 sentyabrdagi Farmoni va boshqa hujjatlarda belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda 2020 yil va 2021 yilning o‘tgan 2 oyi davomida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, reklama bozorini tartibga solish, aholi va tadbirkorlarning huquqiy bilimini oshirish, normativ-huquqiy bazani mustahkamlash, iste’molchilar murojaatlari bilan ishlash, iste’molchilarning nomuayyan doirasi manfaatlarini ko‘zlab tahlillar o‘tkazish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va boshqa yo‘nalishlarda bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.

Iste’molchilarning muammolarini hal qilish maqsadida Agentlikda 1159 ishonch telefoni, consumer.uz rasmiy sayti va telegram sahifalari, elektron pochta hamda boshqa interaktiv axborot resurslari orqali aholidan tezkor ravishda murojaatlarni qabul qilish yo‘lga qo‘yildi. Yangi bot @istemolchigovuz_bot ishga tushirildi.

Iste’molchilar o‘z huquqlari buzilishi yuzasidan Agentlikka 25,9 mingta shikoyat bilan murojaat qilgan. Ushbu murojaatlar asosida o‘tkazilgan o‘rganishlarda 5,5 mln.dan ortiq iste’molchilarning huquqlari tiklangan va ularning manfaatiga jami 126,5 mlrd. so‘m miqdorida zarar yetkazilgani aniqlangan.

Shundan 74,3 mlrd. so‘m miqdorida asossiz olingan mablag‘ni iste’molchilarga qayta hisob-kitob qilish choralari ko‘rilgan va qolgan 52,2 mlrd. so‘m mablag‘ni qaytarish choralari ko‘rilmoqda. Agentlik tuzilganidan oldingi 3 yilga nisbatan iste’molchilar murojaatlari bilan ishlash darajasi 10 baravarga oshgan.

Iste’molchilardan kelib tushgan 15,1 mingta ishonch telefoni va 8,3 mingta elektron ravishda qabul qilingan murojaatlar tezkor va ijobiy yechimini topdi.

Jami murojaatlarning 53,4 foizi uy-joy qurilish, kommunal va transport xizmatlariga oid, 20,9 foizi savdo, umumiy ovqatlanish va turizm xizmatlari, 12,5 foizi aloqa, bank-moliya va ijtimoiy xizmatlar hamda 13,2 foizi reklama munosabatlari va boshqa masalalarga to‘g‘ri keladi.

2021 yil «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» hamda 15 mart – Butunjahon iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kuniga bag‘ishlangan keng qamrovli ma’rifiy va tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirish rejasi tasdiqlanib, uning doirasida birgina, joriy yil mart oyining o‘tgan 2 haftasida respublikadagi 86 ta oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari hamda umumta’lim maktablarida «Iste’molchi raqamli makonda» va «Oqilona iste’mol – farovon turmush garovi» mavzularida o‘qishlar va yoshlar bilan uchrashuv tashkil qilindi. Tadbirlarda jami 6935 nafar yoshlar ishtirok etdi hamda uning tafsilotlari 74 marta OAV va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritildi.

Agentlik tomonidan ichki bozorlarda sifatsiz va xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlar sotilishini aniqlash maqsadida, 12 turdagi oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlarining nazorat xaridi o‘tkazildi.

Namuna sifatida olingan 88 nomdagi mahsulotning ekspertiza natijasida 28ta mahsulot normativ-texnik hujjatlar talablariga mos emasligi aniqlandi va tegishli chora ko‘rish uchun vakolatli organlarga («O‘zstandart» agentligi va Sanitariya emidemiologiya xizmati) yuborildi.

Respublika hududlaridagi 1879 ta chakana savdo do‘konlari va bozorlarda o‘tkazilgan kuzatuvlarda 36 ta holatda qalbaki «rollton» mahsuloti sotilayotganligi aniqlangan hamda 698,0 mln. so‘mlik sifatsiz mahsulot sotilishiga chek qo‘yilgan.

Iste’molchilarning nomuayyan doirasi huquqlarini himoya qilish maqsadida 10 dan ortiq yo‘nalishlarda sohaviy o‘rganishlar o‘tkazildi. Shundan, yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarni sotishda iste’molchilar bilan tuzilgan shartnomalar, avtomobillarni ijaraga (avtolizing) berish xizmati, tijorat banklari bilan iste’molchilar o‘rtasida tuziladigan shartnomalar, maishiy chiqindi tashish xizmatlari, iste’molchilarga zamonaviy elektr va gaz priborlari o‘rnatilishi, aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berilishi, hududlarning mobil qamrov darajasi, avtobus bekatlari holati va boshqalar yuzasidan mavjud holat tahlil qilinib, iste’molchilar huquqlarini yanada mustahkamlash bo‘yicha tegishli idoralarga axborot va takliflar kiritildi.

Dori-darmon narxlari ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida telegram tarmog‘ida ishlovchi @dorinarx_bot maxsus axborot tizimi ishga tushirildi (3768 ta dori vositalari bo‘yicha 255 mingdan ko‘p qidiruvlar amalga oshirilgan).