Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha yil natijalari sarhisob qilindi
18:24 / 2026-01-27

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Kengashining navbatdagi yig‘ilishida 2025 yilda amalga oshirilgan ishlar batafsil sarhisob qilindi.

Yig‘ilishda Federatsiya raisi Jahongir Sarimsoqov ma’ruza qilib, sohada amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar, erishilgan natijalar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.

Qayd etilishicha, hisobot davrida Federatsiyaga jami 14 834 ta iste’molchi murojaati kelib tushgan bo‘lib, ularning 90,3 foizi ijobiy hal etilgan. Natijada iste’molchilar foydasiga jami 85,2 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ qayta hisob-kitob qilingan.

Federatsiya raisi ushbu ko‘rsatkichlar ahamiyatiga to‘xtalib, shunday dedi:

— Biz uchun raqamlar oddiy statistika emas. Ularning ortida minglab yurtdoshlarimizning haq-huquqlari, davlatga va adolatga bo‘lgan ishonchi mujassam. 85 milliard so‘m — xalqimizning hamyonida qolgan, oilalar byudjetiga qaytarilgan mablag‘dir. Har bir murojaat ortida inson taqdiri yotadi va bizning asosiy vazifamiz — iste’molchi bilan tadbirkor o‘rtasida adolatli ko‘prik bo‘lish.

Jamoatchilik nazorati doirasida olib borilgan o‘rganishlar natijasida suv ta’minoti va chiqindilarni olib chiqish xizmatlari bo‘yicha aholiga hisoblangan 48 milliard so‘mdan ortiq asossiz qarzdorliklar bekor qilingan.

— Ayniqsa, kommunal sohada ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun to‘lov talab qilish yoki biling tizimidagi xato hisob-kitoblar tufayli aholiga asossiz qarzdorlik yozish holatlari hali ham uchrab turibdi. Masalan, Andijon viloyatida suv ta’minoti bo‘yicha 27 milliard so‘mlik xatolik bartaraf etildi. Bunday holatlar tizimli o‘rganilib, iste’molchilar asossiz to‘lovlardan qat’iy himoya qilinishi shart, — dedi J.Sarimsoqov.

Ma’lum qilinishicha, 2025 yilda Federatsiya faoliyati xalqaro maydonda ham faollashgan. Jahon savdo tashkiloti (WTO) bilan hamkorlik aloqalarining yo‘lga qo‘yilishi, xalqaro konferensiya va forumlarda ishtirok etish orqali tashkilotning xalqaro nufuzi oshgan.

Shuningdek, iste’molchi va tadbirkor o‘rtasidagi nizolarni sudgacha hal etish amaliyoti — mediatsiya institutini rivojlantirish yangi bosqichga ko‘tarilgani ta’kidlandi.

Bugun nizolarni sud orqali hal qilishdan ko‘ra, o‘zaro kelishuv va mediatsiya madaniyatini shakllantirishga ustuvor ahamiyat beryapmiz. Bu vaqt va mablag‘ni tejash bilan birga, jamiyatda murosa madaniyatini yuksaltirayotgani qayt etildi.

Yig‘ilish yakunida Federatsiya tizimida «xodimbay» ish uslubiga to‘liq o‘tish, har bir murojaat bo‘yicha mas’ul xodimning shaxsiy javobgarligini belgilash rejalashtirilgani ma’lum qilindi.

Federatsiya va uning quyi tuzilmalari tomonidan iste’molchilardan tushgan 193 ta (1,4 foiz) murojaat yuzasidan sudga da’vo arizalari kiritilgan.

Ushbu da’volar viloyatlar kesimida quyidagicha taqsimlangan:

Buxoro viloyati — 22 ta (1 807 993 391 so‘m);

Jizzax viloyati — 44 ta (159 900 000 so‘m);

Navoiy viloyati — 2 ta (14 395 360 so‘m);

Namangan viloyati — 13 ta (111 110 384 so‘m);

Samarqand viloyati — 7 ta (6 357 707 360 so‘m);

Sirdaryo viloyati — 14 ta (96 906 794 so‘m);

Surxondaryo viloyati — 11 ta (1 205 477 435 so‘m);

Toshkent viloyati — 16 ta (560 039 689 so‘m);

Farg‘ona viloyati — 23 ta (433 804 379 so‘m);

Xorazm viloyati — 3 ta (9 177 932 000 so‘m);

Qashqadaryo viloyati — 18 ta (469 950 021 so‘m);

Toshkent shahri — 12 ta (1 258 564 120 so‘m);

Federatsiya markaziy apparati — 8 ta (98 000 000 so‘m).

Shuningdek, respublika bo‘ylab qurilayotgan 68 ta «Iste’molchilar uyi» majmualarini yaqin vaqt ichida foydalanishga topshirish rejalashtirilgani qayd etildi.

O‘zA