English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi bozorlardagi yaroqsiz mahsulotlarni aniqladi
12:09 / 2022-07-22

Yurtimizdagi bozorlar, yirik savdo markazlari, supermarket va do‘konlardagi turli xil oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘rganda ko‘zimiz quvnaydi. Ammo ularni saqlash sharoitlari va xaridorlarga sotish jarayoni xavfsizlik talablariga mos keladimi?

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining o‘rganish natijalari bozordagi mahsulotlarning har doim ham talabga javob bermasligini tasdiqladi. 

Xususan, agentlikning hududiy tuzilmalari tomonidan respublikadagi to‘qqiz mingga yaqin do‘kon, kioska, laryok va pavilonlar va boshqa savdo ob’ektlarida o‘rganish ishlari olib borildi. Shunga ko‘ra,  1 ming 33 ta holatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining  tegishli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo Qoidalari” talablari buzilganligi aniqlangan. Shundan 764 ta holatda oziq-oqat mahsulotlarini quyosh tig‘ida saqlash faktlari aniqlandi.  Aslida oziq-ovqat tovarlarini vitrinada quyosh nurlari va yog‘ingarchiliklarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’siriga uchraydigan holatda saqlashga va joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi. 

Shuningdek, maxsus jihozlanmagan 50 ta savdo rastalarida go‘sht va go‘sht mahsulotlari, sut va sut mahsulotlari sotilayotgani  ma’lum bo‘ldi. Savdo qoidalariga asosan go‘sht, sut, baliq, qandolatchilik mahsulotlari, yarim tayyor mahsulotlar, tayyor masalliqlar va boshqa tez buziladigan mahsulotlarni sotishga faqat sovutiladigan peshtaxtalar, vitrinalar bo‘lgan taqdirda ruxsat beriladi.  

45 ta holatda esa tuxum mahsulotlari saqlash me’yorlariga amal qilinmagan yuqori haroratda, quyosh tig‘ida sotilayotganligi ko‘zga tashlangan.  Achinarlisi, savdo do‘konlari peshtaxtalarida 58 ta holatda yuvish vositalari, non, un va boshqa un mahsulotlari yonma-yon joylashtirilgan,  3 ta holatda muzlatgichlar yetishmasligi, 10 ta holatda vaznlab sotiladigan mahsulotlar ochiq holatda rastalarda sotuvga qo‘yilgan. 

Tartib-qoidaga asosan yangi rezavor mevalar usti yengil gazlama (masalan, doka va hokazolar) bilan yopilishi kerak. 103 ta holatda boshqa oziq-ovqat mahsulotlari tartibsiz joylashtirilganligi aniqlandi. 

Issiq havoda oziq-ovqat xavfsizligi muhim rol o‘ynaydi. Zero, buzilgan oziq-ovqat, ayniqsa, bolalar va qariyalarda qator kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin. 

Sotuvchi texnik reglament yoki standart talablariga muvofiq, tovarlarni qabul qilib olishda, saqlashda, savdo oldi tayyorgarligida va sotish paytida ularning sifati va xavfsizligi nuqtai nazaridan zarur shart-sharoitlarni, shuningdek xaridorlarning tovarlarni tanlash imkoniyatini ta’minlaydigan zarur joylar, asbob-uskunalar va inventarga ega bo‘lishi shart. 

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan aniqlangan barcha qonunbuzarliklar bo‘yicha tadbirkorlik sub’ektlariga kamchiliklarni bartaraf etish, kelgusida oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash sharoitlari va yaroqlilik muddatining jiddiy buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ko‘rsatmalar berildi. 


Gulnoza Boboyeva, O‘zA