Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iste’molchilar huquqlari qonun himoyasida
11:40 / 2025-11-11

Bugungi iste’molchi kechagi kun iste’mochisidan farq qiladi. Yildan-yilga ularning bilimi oshib, o‘z huquq va burchlarini yaxshi anglay boshlagan. Endi huquqlari buzilsa, vaqt va mablag‘ sarflamasdan qaysi tashkilotga murojaat qilishni biladi.

Buni quyidagi murojaatlardan ham anglash mumkin. Navoiy viloyati Karmana tumani Bobur ko‘chasi 21-uyda yashovchi fuqaro Zafar O‘ralov O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining tuman jamiyatiga murojaat qilib, amaliy yordam so‘radi. 

Murojaatda ma’lum qilinishicha, joriy yil 14 oktyabr kuni Jizzax viloyati Zomin tumanida yashovchi fuqaro uyining darvozaxonasi uchun 7 million 350 ming so‘mlik granit tosh xarid qilgan. Mahsulot sifat talablariga javob bermagani sababli fuqaro uni sotuvchiga topshirgan. Biroq to‘lagan mablag‘i o‘z vaqtida qaytarilmagani uchun u tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat etgan.

Yana bir holatda esa Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi Jahongir Nuriddinov o‘z huquqlari tiklanishida yordam so‘rab Federatsiyaning “Ishonch telefoni” orqali og‘zaki murojaat yo‘llaydi. 

Unda tumanda faoliyat olib borayotgan “E” MCHJ bilan deraza romlari olish uchun og‘zaki shartnoma qilib, 5 ta deraza romlari va deraza tokchasi uchun 19 million so‘m to‘laganligi, MCHJ tomonidan 20 yil kafolat berilganligi, biroq bir oy muddat o‘tmasdan deraza romlari yaroqsiz holga kelib qolganligini, bir necha bor MCHJ xodimlari va rahbariga mahsulotni almashtirib berishini aytgan bo‘lsa-da, murojaati e’tiborsiz qoldirilayotganligi bayon qilingan. 

Karmana tumanidagi Hazora mahallasida yashovchi fuqaro Yulduz Obidova esa Federatsiyasining telegram bot kanaliga elektron savdo do‘konidan bo‘lib to‘lash asosida muzlatgich buyurtma qilganligi, lekin keyinchalik shartnomani bekor qilib, muzlatgichni olmaganligiga qaramay do‘kon xodimlari tomonidan qarzdorlik hisoblanganidan norozilik bildirib, murojaat qoldirgan.

Barcha murojaatlar jamiyat mutaxassislari tomonidan qonuniy o‘rganilib, iste’molchilar foydasiga ijobiy hal etilgan.

– Jamiyatimiz tomonidan iste’molchilar huquqlari va manfaatlarini himoya qilish borasida aniq chora-tadbirlar belgilab olganmiz, – deydi Federatsiyaning tuman jamiyati rahbari Sardor Nishonov. – Joriy yilning 9 oyi mobaynida iste’molchilardan jami 45 ta, jumladan, 18 ta yozma va 27 ta og‘zaki murojaatlar qabul qilingan. Ularning 42 tasi, ya’ni 93,3 foizi ijobiy hal etilishi natijasida iste’molchilar foydasiga jami 371 million so‘m miqdordagi yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlar undirilishiga erishilgan. Tahlillarimiz shuni ko‘rsatmoqdaki, murojaatlarning 56 foizi savdo, 11 foizi xizmat ko‘rsatish va servis, 11 foizi suv, gaz va elektr ta’minoti, 4,4 foizi komunal va qolgan qismi boshqa sohalarga tegishlidir. 

A.Bo‘riyev O‘zA