Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iste’molchilar huquqlari qonun himoyasida
18:19 / 2025-04-18

Kundalik turmushda har birimiz iste’molchimiz. Har kuni nimadir xarid qilamiz, kommunal xizmatlardan foydalanamiz va ular uchun tegishli tartibda haq to‘laymiz.

Faraz qiling, siz savdo do‘konidan oilangiz ehtiyoji uchun biror buyum xarid qildingiz. Uyga kelib foydalanish jarayonida uning nuqsonli ekanligini bilib qoldingiz. Qanday yo‘l tutasiz? Savdo do‘koniga olib borib topshiraman deysizmi? Sotuvchi mahsulotni qaytarib olmasa yoki to‘langan mablag‘ni qaytarmasa-chi?

Navoiy viloyati Navbahor tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Zarina Sayfullayeva “Uzum market” savdo platformasi orqali 450 ming so‘mga bolalar planshetini xarid qiladi. Tovarni qabul qilgandan so‘ng unda nosozlik borligi aniqlanib, ushbu planshetni savdo tarmog‘ining topshirish-qabul qilish punktiga yetkazadi va to‘langan mablag‘ni qaytarish yuzasidan ariza qoldiradi. 

Yana bir holatda esa Zarafshon shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro Artur Rajabov asaxiy.uz elektron do‘konidan 4 million 634 ming so‘mga LG LHD657 uy kinoteatrini buyurtma beradi va to‘lovni amalga oshiradi. Keyinchalik oilaviy sharoiti sababli buyurtmani bekor qilib, amalga oshirilgan to‘lovni qaytarishni so‘raydi. To‘langan mablag‘ning esa 4 million so‘mi qaytarilib, qolgan 634 ming so‘mi paysalga solinib kelingan. 

Mablag‘lar o‘z vaqtida qaytarilavermagach, fuqarolar Raqobat qo‘mitasining “Ishonch telefoni”ga murojaat qilib, muammoni hal etilishida amaliy yordam so‘raydi.

Bugungi kunda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan iste’molchilarning manfaatlari himoya qilib kelinmoqda. 

– Joriy yilning 1-choragi davomida hududiy boshqarmaga iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama faoliyatini tartibga solish yo‘nalishida 572 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ulardan 502 tasi yoki 87,7 foizi ijobiy hal etilgan, – deydi hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ma’rufjon Ne’matov. – Murojaatlar tahlil etilganda, ularning 414 tasi uy-joy, kommunal va transport sohaga, 23 tasi aloqa va ijtimoiy xizmatlar sohasiga, 118 tasi savdo va umumiy ovqatlanish sohasiga hamda 17 tasi reklama va boshqa sohalarga tegishli ekanligi oydinlashadi. 

Fuqarolar murojaatlari Raqobat qo‘mitasining Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi mutaxassislari ishtirokida o‘rganib chiqildi. Yakunda fuqaro A.Rajabovning bekor qilingan buyurtmasi uchun ushlab qolingan 634 ming so‘m mablag‘ “ASAXIY BOOKS” MCHJ tomonidan hamda fuqaro Z.Sayfullayevaning planshet uchun to‘lagan 450 ming so‘m mablag‘i “Uzum market” MCHJ tomonidan naqd ko‘rinishda to‘liq qaytarilishi ta’minlandi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri.