Guliston shahrida Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining Sirdaryo viloyati hududiy tuzilmasi tomonidan o‘tgan 2020 yil davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi yuzasidan jurnalist va blogerlar uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.
Ishtirokchilar agentlikning viloyat hududiy tuzilmasi rahbari Qomus Yuldashevning, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish, aholi muammolari bilan ishlash va boshqa dolzarb yo‘nalishlarda o‘tgan 2020 yil davomida amalga oshirilgan ishlar, iste’molchilardan kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish tartiblari va ular tomonidan tushgan murojaatlarni fuqarolarning foydasiga hal etilganligi yuzasidan hisobotini katta qiziqish bilan tingladi.
O‘tgan 2020 yilda hududiy tuzilmaga yozma, ishonch telefoni va boshqa tashkilotlar orqali 1 ming 59 ta murojaat kelib tushgan va ularning asosiy qismi uy-joylarga kommunal xizmat ko‘rsatish masalalariga oid bo‘lib, bu murojaatlar 832 tani tashkil etgan. Shuningdek, savdo, umumiy ovqatlanish, aloqa va moliyaviy ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohalariga oid 200 dan ortiq murojaat kelib tushgan.
Yil davomida kelib tushgan murojaatlarni o‘rganish jarayonida iste’molchilar foydasiga 2 milliard 527 million 382 ming so‘m miqdoridagi mablag‘ qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlangan.
Prezidentimizning 2016 yil 31 oktyabrdagi “Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq hisob-kitob qilinib, ulugurji va chakana narxlarning eng yuqori bahosidan iste’molchilarga xabardor bo‘lishligi uchun telegramm messenjerida ishlovchi maxsus axborot tizimi Agentlik tomonidan – @dorinarx_bot ishlab chiqildi va amalda foydalanish uchun yo‘lga qo‘yildi. Shunga qaramay, yuqoridagi qarorlar talablari buzilganligi yuzasidan boshqarmaga jami kelib tushgan 15 ta murojaatlar asosida belgilangan tartibda qonuniy choralar ko‘rildi.
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, qurilish va transport sohasida hududiy boshqarmaga 2020 yilning noyabr va dekabr oylarida gaz ta’minotidagi uzilishlar va tabiiy gazning bir maromda yetkazib berilmayotgani hamda elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar bo‘yicha ham bir qator murojaatlar kelib tushdi.
Hududiy tuzilma tomonidan, fuqarolar xonadoniga elektr energiyasini, tabiiy va suyultirilgan gaz balonlarini bir maromda yetkazib berilmaganligi sababli, ta’minotchi korxonalarning mas’ul shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 178-1-moddasiga muvofiq ma’muriy jazo chorasi qo‘llanildi.
Respublika Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 fevraldagi “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini taminlash maqsadida tuman va shaharlarida tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan hududlardagi mavjud tashqi reklama konstruksiyalari to‘liq xatlovdan o‘tkazildi. Belgilangan tartibda ishchi guruhlar tomonidan xatlov davomida tashqi reklama konstruksiyasi o‘rnatish mumkin bo‘lgan joylar aniqlanib, ularni “e-auksion” yagona elektron savdolariga chiqarish bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda tegishli ishlar olib borildi. Ayni paytda, Guliston shahrida 30 ta, Yangiyer shahrida 10 ta tashqi reklama konstruksiyasi o‘rnatilishi kerak bo‘lgan yer maydonlari elektron savdoga chiqarildi.
Viloyatning boshqa shahar va tumanlarida ham tashqi reklama o‘rnatish uchun yer maydonlari aniqlanib “e-auksion” yagona elektron savdoga chiqarish bo‘yicha amaliy ishlar oxiriga yetkazilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining 1998 yil 25 dekabrdagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonunining 13, 20, 23-moddalari bo‘yicha 5 ta holatlarda qonun buzilishlari aniqlanib, Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 12 oktyabrdagi 225-sonli qaroriga asosan ish qo‘zg‘atilib, ko‘rsatmalar berildi va bu ko‘rsatmalar ijrosi to‘liq taminlandi.
– Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, salkam 35 millionga yaqin xalqning barchasi iste’molchi va shundan kelib chiqib, Agentlik tashkil topganining o‘tgan bir yilligi biz uchun katta tajriba bo‘ldi, – deydi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining Sirdaryo viloyati hududiy tuzilmasi rahbari Qomus Yuldashev. – Bu yil biz – xalq davlat idoralariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak, degan egu g‘oya asosida aholi bilan ishlashning “mahallabay” tizimida ish olib boramiz. Viloyatning eng chekka hududidagi yosh maktab o‘quvchisidan tortib, nuroniy otaxonu onaxonlargacha, iste’molchilik madaniyatini oshirish va aholining kundalik duch kelayotgan muammolarini joyida o‘rganib, ularni bartaraf etish ishlarini tizimli ravishda tashkil etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Ishlarimizni ana shu reja hamda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”dan kelib chiqqan holda olib borilishi belgilab olindi.
Anjuman bahs-munozaralarga boy bo‘ldi. Jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan savollariga boshqarma mas’ul xodimlari tomonidan atroflicha javob berildi.
A.QAYUMOV, O‘zA