Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro Sh.H. “AVTOSALON NAVOIY AVTOTEXXIZMAT” MCHJdan “ONIX” rusumli avtotransport vositasini xarid qiladi. Biroq avtoulov ko‘p yurmasdan uning motor qismida shovqin paydo bo‘lib, jiddiy nuqsoni borligi ma’lum bo‘ladi.
Fuqaro avtosalonga nosoz avtomashinani topshiradi va xuddi shu markadagi avtotransport vositasiga almashtirib berishini so‘raydi. Ammo avtosalon mas’ullari tomonidan bu ish paysalga solinib kelinayotganligi sababli u Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga murojaat qilishga majbur bo‘ladi.
– Mazkur murojaat qo‘mitaning Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi mutaxassislari ishtirokida o‘rganib chiqildi va natijada fuqaro Sh.H.ga “AVTOSALON NAVOIY AVTOTEXXIZMAT” MCHJ tomonidan xuddi shu markadagi avtotransport yetkazib berilishi ta’minlandi, – deydi hududiy boshqarma bosh mutaxassisi Yunus Bozorov.
– Yana bir holatda esa, fuqaro B.M. Navoiy shahridagi avtosalonlarning biridan “ONIX” avtomashinasini avtokredit asosida xarid qilib, kredit to‘lovini sug‘urtalash bo‘yicha “MY-INSURANCE” sug‘urta tashkiloti bilan shartnoma imzolaydi va belgilangan to‘lovni amalga oshiradi. Kredit to‘lovlarini muddatdan oldin to‘lab bo‘lganligi bois sug‘urta to‘lovini foydalanilmagan qismini qaytarish yuzasidan fuqaroning murojaati ham boshqarmamiz mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqildi. O‘rganish natijalariga ko‘ra, sug‘urtalangan avtokreditning foydalanilmagan qismi uchun to‘lov miqdori 1,6 million so‘mligi aniqlandi.
O‘rganish yakunida “MY-INSURANCE” sug‘urta tashkiloti tomonidan fuqaro B.M.ga mazkur mablag‘ to‘liq qaytarib berilishi ta’minlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA