26 noyabr kuni Navoiy shahar Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Navoiy shahri, Tolstoy ko‘chasida yashovchi fuqaro Hamza Ergashev murojaat qilgan. Unda qayd etilishicha, Hamza Ergashev Navoiy shahridagi «GULOBOD» savdo majmuasidagi do‘kondan 5 032 000 so‘mga «Smartfon Samsung A72 6/128Gb” rusumli qo‘l telefon sotib olgan va u nosoz chiqqan. Fuqaro mazkur holatdan norozi bo‘lib, masalaning hal etilishida amaliy yordam so‘ragan.
Murojaat mutaxassislar tomonidan o‘rganilganida haqiqatdan ham qo‘l telefonida nosozliklar borligi aniqlandi.
Shundan so‘ng, savdo do‘koni rahbariga iste’molchining iste’molchi sifatida huquqlari hamda «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning tegishli moddalari yuzasidan tushunchalar berildi.
Natijada, iste’molchiga qo‘l telefoni yangisiga almashtirib berildi.
Shuningdek, 10 noyabr kuni O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining 1091 ishonch raqamiga Navoiy shahar "Barkamol avlod" ko‘chasi 3-uy,15-xonadonda yashovchi fuqaro Farhod Bekpo‘latovning og‘zaki murojaati qabul qilindi.
Fuqaro F.Bekpo‘latov o‘z murojaatida Navoiy shahrida joylashgan savdo do‘konidan 5 500 000 so‘mga muddatli to‘lov asosida sotib olgan televizor kafolat muddati ichida nosoz chiqqanidan norozilik bildirib, bu masalada amaliy yordam so‘ragan.
Murojaat mutaxassislar tomonidan o‘rganib chiqilganida haqiqatdan ham televizor nosoz ekanligi kuzatildi.
Shundan so‘ng, sotuvchiga iste’molchining huquqlari hamda O‘zbekiston Respublikasining «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunining tegishli moddalari yuzasidan tushunchalar berildi.
Natijada fuqaroga televizor uchun to‘lagan 5 500 000 so‘m pul mablag‘i qaytarilishida va muddatli to‘lov asosidagi kredit shartnomasi bekor qilinishida amaliy yordam ko‘rsatdi.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA