Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iste’molchilar huquqi doim himoyada
09:59 / 2025-05-22

O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda uning Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan ochiq muloqotda iste’molchilar huquqlarining buzilishi bilan bog‘liq holatlar muhokama qilindi.

Muloqotda qo‘mita va boshqarma rahbariyati, tadbirkorlik sub’ektlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni hududiy boshqarma rahbari Sanjarbek Sodiqov ochib berdi hamda 2024 yil va joriy yilning 1-choragi davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, 2024 yil yakunlari bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslardan 2 ming 300 dan ortiq, 2025 yilning 1-choragida esa 2 ming 500 ga yaqin murojaat kelib tushgan.

[gallery-23499]

Murojaat va o‘rganishlar natijasida 2024 yilda 20 milliard so‘mdan ortiq, 2025 yilning 1-choragida esa 1,5 milliard so‘mga yaqin mablag‘lar iste’molchilar va tadbirkorlik sub’ektlari foydasiga qayta hisob-kitob qilingan.

Jumladan, 2025 yilning 1-choragida hududiy boshqarma tomonidan 2024 yil noyabr oyi uchun “Qashqadaryo suv ta’minoti” AJ tomonidan Kasbi tumanidagi “Yuksalish” va “Tinchlik” mahallalariga sanitar talablarga javob bermaydigan sifatsiz ichimlik suvi yetkazilgani aniqlangan. Bu holat 1 ming 300 ga yaqin abonentni (6 ming nafar aholini) qamrab olgan bo‘lib, natijada 26 million so‘mga yaqin mablag‘ iste’molchilarga qayta hisoblab berilgan.

Shuningdek, 2025 yil 1-choragida boshqarma tomonidan olib borilgan o‘rganishlar davomida boshqaruv servis kompaniyalari va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun hisoblangan 500 million so‘mdan ziyod mablag‘ 7 mingga yaqin iste’molchi foydasiga qayta hisoblab berildi, noreal qarzdorlik esa ular hisobidan chiqarildi.

Muloqot davomida Qo‘mita raisi maslahatchisi Otabek Usmonov ishtirokchilar bilan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablarining buzilishi, aniqlangan kamchiliklar, tender jarayonlaridagi muammolar va ularni bartaraf etish choralari haqida fikr almashdi.

2025 yil 1-choragida davlat va korporativ buyurtmachilar tomonidan o‘tkazilgan 272 ta tender tahlil qilinganda, ularning 269 tasida raqobatga zid harakatlar aniqlangan. Shundan 228 ta holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ma’lumotnomalar taqdim etilgan, 4 ta holat buyurtmachilar tomonidan ixtiyoriy bartaraf etilgan, 33 ta holat bo‘yicha esa hududiy organlar 17 ta ish qo‘zg‘atgan.

Tovar-xom ashyo birja savdolarida yuqori likvidli va monopol mahsulotlar savdosi jarayonlarida ham qonunbuzarliklar qayd etilgan: 2024 yilda 83 ta, 2025 yilning 1-choragida esa 52 ta manipulyatsiya holati aniqlangan. Natijada 2024 yilda 5 ta, 2025 yilda 3 ta sub’ektga nisbatan qonunbuzarlik holati bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan.

Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan mutaxassislardan atroflicha javob oldi.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari